Operetta
Operetta (italyancha operetta — kichik opera) — musiqaviy sahna asari. Dramaturgiyasi vokal va cholg’u musiqa, raqs qamda dialoglarning estrada san’ati elementlari bilan uzviy bog’lanishiga asoslangan. Operettaning musiqiy jarayoni negizi naqarotli qo’shiq va raqsdan iborat. Har bir tugal sahnaning kulminatsiyasini, odatda, muayyan ommabop raqs tashkil etadi (galop, Kankan, vals, Chardash va boshqalar) Operettada opera vokal shakl (ariya, duet, ansambl, xor kabi)lari ham qo’llaniladi, lekin ular birmuncha soddaligi va ommabopligi bilan ajralib turadi. Bosh g’oya bayoni va rivoji asosan musiqa orqali ifodalanishi tufayli Operetta turli xalqlar madanyyatiga xos musiqali sahnaviy janrlar (frantsuzcha vodevil, nemischa va avstriycha zingshpil va boshqalar) alomatlarini ham mujassam etgan. Mustaqil janr sifatida Operetta 19-asr o’rtalarida Parijda yuzaga kelgan (J. Offenbaxning “Orfey do’zaxda”, 1858). Uning dastlabki namunalari, asosan, hajviy yo’nalishda bo’lgan. Keyinchalik, Operettaga lirik ohanglar ham kiritildi. Frantsuz kompozitorlaridan Sh. Lekok, E. Odran va R. Planketlar Operetta janrida ijod qilishgan. Offenbax ijodi ta’sirida 19-asr oxirlarida F. Zuppe, I. Shtraus (o’g’li) va K. Millyoker kabi kompozitorlar tomonidan Vena Operettasi yaratildi. A. Salliven va S. Jons 19-a.sr ingliz Operettasining yirik namoyandalari edi. 20-asr boshlarida Venger kompozitorlari F. Legar va, ayniqsa, I. Kalman Operetta rivojiga katta hissa qo’shishdi. 1920- yillarda AQShda Operetta ta’sirida myuzikl janri yuzaga keldi. O’zbekistonda Operetta janrining rivoji 20-yillarda rus opera va balet teatri, Samarqand operetta teatri (1938— 40), keyinchalik esa Toshkent operetta teatri (1971 yildan) faoliyati bilan bog’liq bo’lgan. Bu teatrlarda, asosan, Operettaning mumtoz (I. Shtraus, I. Kalman, F. Legar), shuningdek, zamonaviy (A. Jurbin, K. Listov va boshqalar) namunalari qo’yildi. 1970 yildan boshlab mazkur san’atga O’zbekiston kompozitorlari ham e’tibor qaratmoqda (E. Solihovning rus tilida sahnalashtirilgan “Xo’ja Nasriddin”, “Oygul pari sovg’alari”, “Parol — “Sharq yulduzi”, A. Ergashevning “Mittivoy”, P. Holiqovning “Krrbobo va Santa Klaus” kabi asarlari). Ad.: Yuldashevas, u istokov klassicheskoy operetti, T., 1976.