Oq hun
Oq hun — g’arbiy hunlar. Hunlar davlatinnng so’nggi davrida shimoliy hunlar hukmdori qut ush qabilasi bilan g’arbga Qang’ davlati tomon chekingan. Mazkur davlatning xoni qudachilik hurmati yuzasidan Qutushga va uning odamlariga o’z hududidan joy bergan. Oradan ko’p o’tmay hunlar Yaypan (Yuepan) xonligini tashkil etgan. U uysun (usun) xonligining shimoli-g’arbida (hozirgi Janubiy Qozog’iston) joylashgan. Miloddan avvalgi 1-asrning o’rtalarida Oq hunlarning boshlig’i Chjichji xitoylar bilan bo’lgan urushda mag’lub bo’lib, u ham Qang’davlatidan panoh topgan edi. Qang’ hukmdori hunlarga hozirgi Jambul (Avliyo-ota) viloyatidan joy bergan. Yaypan davlati keyinchalik Eftaliylar davlatiga qo’shilib ketgan. Xitoy manbalarida 448 yil Yaypan davlatidan Xitoyga elchilar borganligi, shundan keyin ushbu xonlik Shimoliy Vey davlati (386-534) bilan diplomatik aloqalar qilib turganligi zikr etilgan. Xonlikning aholisi 200 mingdan ortiq bo’lgan. Turkistonga chekinib kelgan xunlar qadimgi turk tilida “Oq hun” ya’ni “g’arbiy hun” deb nomlangan.