Oq kapalaklar
Oq kapalaklar (Pieridae) – kunduzgi kapalaklar oilasi. Yozilgan qanotlarining uzunligi 8 santimetrgacha, ko’pincha oq, sariq yoki alvon rangli qora dog’lari bor. Qurtlari yashil yoki olachipor rangli, tanasi qalin va kalta tuklar bilan qoplangan. G’umbagi ipak bel-bog’ yordamida substratga yopishgan bo’ladi. 500 ga yaqin, jumladan, O’zbekistonda 10 ga yaqin turi ma’lum. Qurtlari, asosan, karamdoshlar va burchoqdoshlarda rivojlanadi. Bir qancha turlari (karam, turp, do’lana kapalaklari) o’simliklarga jiddiy ziyon keltiradi. Ayrim vakillari noyob tur sifatida muhofaza qilinadi.