“O’QITUVCHI” NASHRIYOT MATBAA IJODIY UYI

“O’QITUVCHI” NASHRIYOT MATBAA IJODIY UYI — O’zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi tizimidagi muassasa. “O’quvpeddavnashr” nomi bilan 1936 yil tashkil qilingan (1950-59 yillarda yana shu nom bilan atalgan). 1941-49 yillarda O’zbekiston davlat birlashgan nashriyoti tarkibida bo’lgan. 1960 yildan O’zbekiston “O’rta va oliy maktab” nashriyoti, 1964 yildan “O’qituvchi” deb nomlangan. 2004 yil “O’qituvchi” nashriyoti va Toshkent kitob-jurnal fabrikasi negizida “O’qituvchi” nashriyot matbaa ijodiyot uyi tashkil etildi. Uning asosiy faoliyati O’zbekiston Respublikasining barcha turdagi umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari o’quvchi va o’qituvchilariga, shuningdek, oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlari talabalariga, maktabgacha tarbiya muassasalari xodimlariga, ota-onalarga mo’ljallangan adabiyotlar — darsliklar, o’quv qo’llanmalari, metodik adabiyotlar, turli xil lug’at va ma’lumotnomalar, bolalar uchun turli adabiyotlar nashr etishdan iboratdir. “O’qituvchi” nashriyot matbaa ijodiyotda 2004 yilda o’rta umumiy ta’lim maktablari uchun 100 nomda 4 million 117 ming nusxa va oliy o’quv yurtlari hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun 51 nomda 834 ming nusxa darslik va o’quv qo’llanmalari chop etildi.