Oqsuv

Oqsuv – O`rta Osiyoda keng tarqalgan atama. Ko`pincha suv nomlari (gidronim) ga aylangan. Ko`pgina olimlar, jumladan N.G.Mallitskiy muzlik tagidan oqib chiqadigan suv oqsuv deyiladi, chunki tarkibidagi muz zarralari tufayli muzlik suvi oq tusda ko`rinadi, deb hisoblaydi. V.L.Vyatkin fikricha, tog` daryolari oqsuv (yoki oqdaryo) dir. Akademik V.V.Bartoldning kuzatishicha, o`z o`zanida oqadigan suv Oqsuv yoki Oqdaryo, kanal qazib oqizilgan suv esa Qorasuv yoki Qoradaryo deb yuritiladi. A.A.Kononov oquvchi oqar suv deb biladi. Oqsuv so`zi «Bobirnoma»da ko`p uchraydi. Umuman muzlik suvlari oqish ko`ringanidan shunday nom olgan.