Orenburg viloyati
Orenburg viloyati (1938-1957 yillarda Chkalov viloyati) — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. Ural iqtisodiy rayoniga kiradi. Maydoni 124 ming km2. Aholisi 2229,6 ming kishi (1998), asosan, ruslar (72,3%), shuningdek, tatar, Ukrain, qozoq, mordva, boshqird, nemis, chuvash, Belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 64,1%. Markazi — Orenburg shahri. Tarkibida 35 ma’muriy rayon, 12 shahar, 26 shaharcha bor. Boshqa yirik shaharlari — Orsk, Novotroisk. Orenburg viloyati hududining ko’p qismi Janub Ural tog’lari etagida. Foydali qazilmalari: neft, gaz, toshtuz, slanes, fosforit, qo’ng’ir kumir, nikel, kobalt, mis kolchedani, oltin, asbest, o’tga chidamli gillar, yashma. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 14° dan -19° gacha, iyulniki 19-22°. Yillik yog’in 300-450 mm. Vegetatsiya davri 180 kungacha. Asosiy daryosi — Ural va uning irmoqlari: Janubi-sharqda oqmas ko’llar bor. Orenburg viloyati, asosan, cho’l zonasida joylashgan. Tuproqlari qora, kashtan tuproqlar. Har xil o’t-betaga chalov dasht o’simliklari o’sadi. Hududining 4% o’rmon (oq qayin, qarag’ay). Tulki, oq tovushqon, malla tovushqon, yumronqoziq, sug’ur, o’rdak, g’oz, Baliqchi bor. Viloyat hududida Orenburg qo’riqxonasi tashkil etilgan. Sanoatining asosiy tarmoqlari: yoqilg’i, qora va rangli (nikel, mis, xromli birikmalar) metallurgiya, mashinasozlik va metallsozlik (konchilik, metallurgiya sanoati uchun jihozlar, sovitqich asbob-uskunalar, temirchilik-presslash mashinalari, metall kesuvchi stanoklar, elektrodvigatellar, qishloq xo’jalik mashinalari uchun ehtiyot qismlar va boshqalar ishlab chiqariladi), kimyo, neft kimyosi, oziq- ovqat (go’sht mahsulotlari, un, yorma, osh tuzi, o’simlik yog’i) sanoatlari. Eng yirik korxonalari: “Orenburgneft”, “Orenburggazprom”, “Orenburgnefteorgsintez”, “Orenburgasbest”, “Nosta” (Novotroisk), “Yujural nikel” (Orsk), Orsk yengil metallkonstruktsiyalar zavodi, “Orenteks” (Orenburg), Mednogorsk mis-oltingugurt kombinati, Gay ruda boyitish kombinati, “Yujuralmash” (Orsk), “gidropress” stanoksozlik zavodlari (Orenburg). Gaz (Orenburg gaz kondensat koni), neft (Uraloldi rayoni), temir (Xalilov koni), mis (Gay koni) va nikel rudalari (Kiemboy koni), tosh tuzi (Ilesk koni), qo’ng’ir ko’mir (Tyulgan kumir razrezi) va boshqalar qazib olinadi. Iriklin GRES ishlab turibdi. Asosiy sanoat markazlari — Orenburg, Orsk, Buzuluk, Mednogorsk, Novotroisk, Gay, Buguruslan, Quvondiq shaharlari. Qishloq xo’jaligida don-chorvachilik yo’nalishlari rivojlangan. Bug’doy, suli, tariq, mosh, kungaboqar, kartoshka, sabzavot, ozuqa ekinlari ekiladi. Qoramol (sut-go’sht zotlari), cho’chqa, qo’y, echki, parranda boqiladi. Avtoyo’llar zichligi 101 km/ming km2. 5 oliy o’quv yurti, kutubxona va klublar, kasalxonalar bor. Gay balneobalchiq kurorti ishlab turibdi.