Orinoko
Orinoko (mahalliy indeyslar tilida Orinuku — Daryo) — Janubiy Amerikadagi daryo, Venesuela va Kolumbiyada. Uzunligi 2730 kilometr, havzasining maydoni 1086 ming km2. Gviana yassitog’ligidan boshlanadi va Atlantika okeaniga botqoqli Delta (maydoni 20 ming km2) hosil qilib quyiladi. Yuqori oqimida Orinokodan kasikyare daryosi ajralib chiqib, Amazonkaning Riu-Negru irmog’iga quyiladi. Meta irmog’i quyiladigan joygacha serostona, tez oqadi. O’rta oqimida sersuv. Delta qismida daryo 36 tarmoqqa ajralgan. Yog’ingarchilik davri (aprel— sentabr)da suv sathi 8-15 metrgacha ko’tariladi. Bu vaqtda kemalar Kolumbiya chegarasigacha bora oladi. Orinoko havzasidagi kema yo’llarining umumiy uzunligi 12 ming kilometr. Daryo okeanga yiliga 915 km3 suv, 45 million tonna oqiziq keltiradi. Quyi qismida yillik o’rtacha suv sarfi 29 ming m3/sekund. GES lar qurilgan. Baliq turi ko’p. Orinokoning quyilish joyini 1498 yilda X. Kolumb, 1499 yilda A. Oxeda va A. Vespuchchi ekspeditsiyasi, o’rta oqimini ispan sayyohi Diego Ordas tadqiq qilgan. 1800 yilda nemis olimi A. Gumboldt frantsuz botanigi E. Bonplan bilan birgalikda Orinoko bo’ylab sayohat qilib, uning Amazonka sistemasi bilan tutash ekanligini aniqladilar.