O’rmon alvastisi nima?
Qadim-qadim zamonlarda odamzot o’zini qurshab turgan olamni g’ayritabiiy mavjudotlar bilan baham ko’rgan. U suvda — suv alvastisi, uyda — uy alvastisi; o’rmonda o’rmon alvastisi (lesovik, borovik, leshak) yashaydi, deb ishongan. Kishilar o’rmon alvastisi, o’rmon va unda kun kechiruvchi hayvonlarning xo’jayini deb o’ylashgan. Shuning uchun ham u yoki bu tarzda o’rmonga bog’liq bo’lganlar — ovchilar, ko’rachilar, g’udda va asal yig’uvchilar — o’rmon alvastisini behudadan-behudaga xafa qilmaslik uchun albatta qayg’urishi kerak edi. Buningdek udumlar nasroniylik qabul qilinganligiga qaramay xotirada uzoq saqlandi va ularga rioya etildi. Hali o’tgan asrning oxirlarida ham maxsus joylarda o’rmon alvastisi uchun taom qoldirishar va hatto unga maktublar bitib daraxtlarga ilib qo’yishardi. O’rmon alvastisi ijozat bergan taqdirdagina o’rmonda qandaydir xo’jalik faoliyati bilan shug’ullanish mumkin bo’lgan. Ko’pdan-ko’p naqllarda keltirilishicha, o’rmon alvastisi go’yo oddiy odamlardek ko’ringan, ba’zan esa xalq fantaziyasi uni ulkan qaddu qomat, shoxlar, tuyoqlar, butun tanasini qoplab olgan dag’al tuk bilan siylagan. Hattoki o’rmon alvastisi o’rmon changalzorida xotini — alvasti oyim va alvastivachchalar bilan yashaydi va qishda xuddi ayiqqa o’xshab zimiston uyqusiga ketadi, deb naql qilishgan. Biroq aksariyat hollarda o’rmon alvastisi kiyimlarini odamlarnikiday kiymaydigan ovchi qiyofasida namoyon bo’lgan: chap boshmog’i o’ng oyog’iga kiyilgan, kiyimining chap bari o’ngiga qistirilgan. Odamzotning o’zi tushuntira olmagan yoki tushuna olmagan barcha hodisalar o’rmon alvatisiga to’nkalgan. Masalan, tunda zimiston o’rmonda yangragan qattiq chinqiriqlar, tungi qushlar qanotlarining potirlashi. Unga duch kelib qolgan taqdirda o’rmon sohibini odob bilan qarshi olish va qalpoqni boshdan olib salom berish zarur bo’lgan. Yo’qsa, o’rmon alvastisi adashib sarson bo’lishga mubtalo etishi hech gap emasdi. Endilikda biz odamzot nega o’rmonda adashib sarson bo’lishini izohlashimiz mumkin. U bir oyog’i bilan boshqasiga qaraganda kattaroq odim tashlaydi, shuning uchun ham o’rmon bo’ylab bir joyda gildirab yuraveradi. Avvallari bu narsa o’rmon alvastisi erkalik qilmohda, ishi yurishmagan ovchi yoki baliqchining jig’iga tegmoqda va ustidan kulmoqda, deb hisoblangan. Shu tarzda, xalqning tabiat ustidan aniq kuzatuvlari va qadimiy e’timodlarning ibtidoiy zamonlardan beri saqlanib kelgan qoldiqlari bitta timsolda birlashib ketgan.