O’RMON-OVCHILIK XO’JALIGI
O’RMON-OVCHILIK XO’JALIGI — o’rmondan ovchilik maqsadlarida foydalanadigan xo’jalik. O’rmondagi yovvoyi hayvonlarni saqlab qolish, ularni ko’paytirish bilan ham shug’ullanadi. O’rmondan ovchilik maqsadlarida foydalanish tartibi O’zbekiston Respublikasining “O’rmon to’g’risida”gi qonuni (1999 yil 15 aprel) bilan tartibga solinadi (28-modda). O’rmondan foydalanish va o’rmon xo’jaligining turli tadbirlari yovvoyi hayvonlarning hayot kechirishi uchun kerak bo’lgan qulay sharoitni saqlashni hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim. Shu bilan bir qatorda o’rmondagi hayvonlar soni o’rmonzorlar uchun mos keladigan zichlikka amal qilingan hodda, ya’ni hayvonlar o’rmon va qishloq xo’jaligiga zarar yetkazmaydigan miqdorda bo’lishi kerak. O’rmonlar ovchilik xo’jaliklariga birkitilib qo’yilishi mumkin, shuningdek, ularga o’rmon xo’jaligini olib borish vazifasini ham yuklatiladi. Hamma o’rmonlarda (qo’riqxonalardan tashqari) ovchilik maydonlari (10 yildan kam bo’lmagan muddatga) ajratilishi mumkin. Hozirgi O’zbekistonda 5 ta davlat o’rmonovchilik va ovchilik xo’jaliklari bo’lib, bu xo’jaliklarga 2,5 million gektar yer ajratilgan.