O’RTA OSIYO

O’RTA OSIYO — Yevrosiyo materigining o’rta qismida, g’arbda Kaspiy dengizi qirg’oqlaridan sharqda Xitoy chegarasigacha, shimolda G’arbiy Sibir tekisligidan, janubda Nishopur, Safedko’h va Hindukush tog’larigacha cho’zilgan yirik tabiiy geografik o’lka. U materik ichkarisida, Atlantika okeanidan 4 ming km., Shimoliy muz okeanidan 2,5 ming km., Tinch okeandan 5,5 ming km. va Hind okeanidan ming km. ga yaqin masofada joylashgan, suvlari okeanlarga chiqib keta olmaydigan berk havzadan iborat. O’rta Osiyo hududi o’rta asrlarda, Turon arab manbalarida Movarounnahr, XIX asrning 2-yarmi va XX asr boshlarida (1924–1925-ylarda o’tkazilgan milliy davlat chegaralanishigacha) Turkiston deb atalgan, keyinchalik O’rta Osiyo deb ataladigan bo’ldi. Sobiq Ittifoq barham topigach O’rta Osiyo tushunchasi siyosiy jihatdan o‘z ahamiyatini yo‘qotib, O‘zbekiston, Qozag‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari rahbarlarining o‘zaro kelishuvi (1993) natijasida Markaziy Osiyo tushunchasi qo‘llab kelinmoqda.