O’RTA TA’LIM
O’RTA TA’LIM — umumiy ta’lim bosqichlaridan biri; shaxsning jamiyat ijtimoiy hayotida ongli va faol ishtirok etishiga imkon beruvchi bilim, malaka va ko’nikmalari darajasi. O’zbekiston Respublikasida O’rta ta’lim o’quvchilarning fanlar asoslari bo’yicha muntazam bilim olishlarini, ularda bilim o’zlashtirish ehtiyojini, asosiy o’quvilmiy va umummadaniy bilimlarni, milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy-axloqiy fazilatlarni, mehnat ko’nikmalarini, ijodiy fikrlash va atrof muhitga ongli munosabatda bo’lishni va kasb tanlashni shakllantirish davri hisoblanadi. U 5—9-sinflarni o’z ichiga oladi. O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan “Ta’lim to’g’risida”gi qonunida ta’kidlanishicha, O’rta ta’lim bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko’nikmalarini rivojlantiradi, dastlabki tarzda kasbga yo’naltirishga va ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi. O’rta ta’lim sinflari uchun o’quv rejasi va dasturlari mavjud. O’rta ta’lim o’quv rejasi asosida o’zbek tili, ona tili va adabiyotning tizimli kursi, chet tillari, Vatan va jahon tarixi, algebra, geom., trigonometriya, fizika, astronomiya, kimyo, biologiya, chizmachilik, tabiat va geografiya, jismoniy tarbiya, informatika, musiqa madaniyati, tasviriy san’at, davlat va huquq asoslari, inson va jamiyat, iqtisodiy bilim asoslari, Vatan tuyg’usi, milliy istiqlol g’oyasi va ma’naviyat asoslari, mehnat, harbiy xizmatga chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash va boshqalar fanlar bo’yicha mashg’ulotlar o’tkaziladi. O’rta ta’limda maktab dasturida belgilangan bilim, malaka va ko’nikmalarni o’rganish hamda hosil qilishga erishish uchun ta’limning turli usullari, shakllari hamda vositalaridan foydalanish asosida ish olib borish talab qilinadi. O’rta ta’lim tugallanganidan keyin ta’lim fanlari va ular bo’yicha olingan baholar ko’rsatilgan holda davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi attestat beriladi.