O’SIMLIK MODDALARI KIMYOSI INSTITUTI
O’SIMLIK MODDALARI KIMYOSI INSTITUTI, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Sobir Yunusov nomidagi o’simlik moddalari kimyosi instituti — ilmiy tekshirish muassasasi. 1956 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi tarkibidagi kimyo instituti alkaloidlar kimyosi laboratoriya (1943) negizida tashkil etilgan. Institutning asosiy fundamental ilmiy va amaliy yo’nalishi o’simliklar tarkibidagi biologik faol moddalar hamda sintez yo’li bilan olingan birikmalarni kimyoviy, farmakotoksikologik va texnologik tadqiq qilish, molekulyar genetik izlanishlar olib borish, o’stiruvchi moddalar, gerbitsidlar, fungisitlar, defoliantlar va boshqalar o’simliklarni himoya qilish vositalarini kashf etishdan iborat. Institutga asoschisi S.Yu.Yunusov nomi berilgan. Institutda alkaloidlar, glikozidlar, lipidlar kimyosi, yuqori molekulali o’simlik moddalari, kumarinlar kimyosi, molekulyar genetika, sintetik preparatlar texnologiyasi, farmakologiya va toksikologiya, tsitotoksikologiya. dorivor o’simliklar, organik sintez va boshqalar lab.lar, tajriba ishlab chiqarish korxonasi. kompyuter markazi, ilmiy-tashkiliy bo’lim, sertifikatsiya va standartizatsiya bo’limi, bosmaxona bor. Institutda O’zbekiston, Markaziy Osiyo va boshqalar hududlardagi o’simliklardan 2200 dan ortiq tabiiy birikmalar — alkaloidlar, glikozidlar, fitoekdisteroidlar, kumarinlar, flavanoidlar, murakkab efirlar, polisaxaridlar, laktonlar, proantosianidlar, lipidlar, fosfolipidlar, g’o’zapoya, sholi qipig’i ligninlari va o’simlik oqsillarining kimyoviy tuzilishi, transformatsiyalari va biologik faolligi, rekombinat oqsillar va monoklonal antitelolar asosida diagnostikumlar va vaktsinalar olish hamda fitogormonlar ta’sirining mexanizmi o’rganildi. Kimyoviy, farmakologik tadqiqotlar natijasida 60 dan ortiq dorivor moddalar, 30 dan ortiq preparatlar olish texnologiyasi ishlab chiqildi va tibbiyotda ko’llashga tavsiya etildi. 30 mingdan ortiq organik birikmalar sintez qilinib, ulardan butilkaptaks, tsitodef defoliantlari, nikomizolon fungisidlari, nitrolin o’stiruvchi moddalar va boshqalarni amaliyotda qo’llash mumkinligi aniqlandi. Chigit kunjarasidan ozuqa oqsilini ajratib olish, shirinmiya ildizidan ko’piklatkich olish usullari, steviya o’simligidan qanddan 50-150 marta shirin bo’lgan shirinlatgich ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqildi. “Limonchiki”, “Go’zal”, “Alga”, “Akanta” nomli kosmetik vositalar uchun qo’shimchalar tayyorlandi, “Jisten” va “Jistenin” bioqo’shimchalar ishlab chiqarishga joriy etildi. Institut faoliyati S.Yu. Yunusov, X.N.Oripov, N.K.Abubakirov va boshqalar nomi bilan bog’liq. Institutda 300 dan ortiq xodim, jumladan, 1 O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (A.M.Glushenkova), 2 O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, 21 fan doktori, 60 fan nomzodi faoliyat ko’rsatadi (2005). Institut xodimlarining 2 ilmiy ishi Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo’lgan. Tohir Do’stmuhamedov.