O’SIMLIKLAR

O’SIMLIKLAR — tirik organizmlar dunyosi; fotosintez qilish xususiyatiga ega bo’lgan avtotrof organizmlar; hujayra po’sti, odatda, qalin tsellyulozadan, zaxira oziq moddasi kraxmaldan iborat. Ayrim O’simliklar (saprofitlar, parazitlar) uchun xos bo’lgan geterotrof oziqlanish ikkilamchi hisoblanadi. O’simliklarga xos boshqa xususiyatlar (o’ziga xos rivojlanish tsikli, organlarning shakllanish yo’li, yopishib yashash va boshqalar) hamma O’simliklarga tegishli emas. Lekin bu belgilarning majmui O’simliklarni boshqa tirik organizmlardan oson farq qilishga imkon beradi. Faqat tuzilishning quyi, ayniqsa, bir hujayralilar darajasida O’simliklar bilan boshqa organizmlar o’rtasidagi farq uncha aniq sezilmaydi; shuning uchun evglenasimon suvo’tlarni zoologlar bir hujayrali hayvonlarga kiritishadi. Bir hujayrali O’simliklarning boshqa bir hujayrali organizmlardan asosiy farqi — xloroplastlar bo’lishidir. Tuzilish darajasi orta borgan sari O’simliklar bilan boshqa organizmlar o’rtasidagi farq ham orta boradi. O’simliklarning oziqlanish jarayonida atrof muhitdan gazsimon (fotosintez) va suyuq (suv va unda erigan mineral tuzlar) moddalarni shimib olishga moslanishi natijasida ularning tanasi yuzasi tobora kengayib borgan. Yuksak o’simliklarda tana yuzasining kengayishi va ixtisoslashuvi to’qimalar va vegetativ organlarning rivojlanishiga olib kelgan. O’simliklar tuzilishining ko’pchilik muhim xususiyatlari ularning o’sishi va ko’payishi, shuningdek, tarqalishiga moslanishi bilan bog’liq. An’anaga ko’ra, 20-asrning o’rtalarigacha barcha o’simliklar tuban (bakteriyalar, suvo’tlar, zamburug’lar, lishayniklar) va yuksak o’simliklar (yo’sinlar, psilofitlar, plaunlar, qirqbo’g’imlar, qirqquloqlar, ochiq urug’lilar, gulli o’simliklar)ga ajratib kelingan. Hozirgi bakteriyalar va zamburug’lar alohida dunyoga ajratiladi. O’simliklar dunyosi 3 kichik dunyo: qizil suvo’tlar va yuksak O’simliklarga bo’linadi. Bu kichik dunyolar 350 000 turdan iborat barcha O’simliklarni o’z ichiga oladi. O’simliklarning kelib chiqishi yerda hayot paydo bo’lishining ilk rivojlanish davrlariga to’g’ri keladi. Bunda arxey erasida (bundan 3 milliard yil oldin) ko’kyashil suvo’tlar (tsianobakteriyalar)ga o’xshash organizmlar paydo bo’lgan. Haqiqiy suvo’tlar proterozoy erasida, yashil va qizil suvo’tlar paleozoyning boshlarida paydo bo’ganligi taxmin qilinadi. Dastlabki yuksak O’simliklar — riniofitlar Proterozoy va paleozoy chegarasida kelib chiqqanligini ehtimol qilish mumkin. Ularda ildiz o’rniga rizoidlari bo’lgan. Karbonda daraxtsimon qirqquloqlar kelib chiqqan; Permda ular o’rnini hozirgi qirqquloqlar egallagan. Karbonda ignabargli o’simliklar paydo bo’lgan, trias va yura davrlarida ular keng tarqalgan. Bo’r davrining boshlarida gulli O’simliklar (yopiq urug’lilar) hosil bo’lgan va shundan so’ng ular er florasida hukmron bo’lib qolgan. O’simliklar Yerda mavjud bo’lgan barcha tirik organizmlar hayotida katta ahamiyatga ega. Hayvonlar va odamning hayotini O’simliklarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Faqat yashil xlorofillga ega bo’lgan O’simliklar anorganik moddalardan organik birikmalarni sintezlash orqali quyosh nuri energiyasini to’playdi; ayni vaqtda O’simliklar atmosferadan S02 gazini olib, atmosferaga deyarli barcha tirik organizmlarning nafas olishi uchun zarur bo’lgan kislorod chiqaradi. Shu yo’l bilan yashil O’simliklar atmosfera tarkibining doimiyligini saqlab turadi. O’simliklar organik moddalarni hosil qiluvchi Produsentlar sifatida oziq zanjirining asosini tashkil etadi. Yer yuzidagi O’simliklar turli hayotiy formalar (o’tlar, butalar, daraxtlar, lianalar, epifitlar va boshqalar)ni hosil qiladi. O’simliklarning xilma-xil turlaridan tarkib topgan fitosenozlar yer yuzi landshafti va boshqalar organizmlar uchun ekologik sharoitning xilma-xilligini belgilab beradi. O’simliklarning bevosita ishtirokida tuproq va torf hosil bo’ladi. Qo’ng’ir ko’mir va toshko’mirning hosil bo’lishi ham O’simliklar bilan bog’liq. O’simliklarning g’oyat xilma-xil turlaridan urug’li O’simliklar, asosan, gulli O’simliklar katta ahamiyatga ega. Urug’li O’simliklar oziq-ovqat, kiyim-kechak, yoqilg’i, qurilish materiallari va boshqalarni beradi. Odam juda katta maydonlarda madaniy O’simliklarning sun’iy qoplamlari (ekin ekiladigan dalalar, bog’lar, xiyobonlar va boshqalar)ni barpo etishni, O’simliklarning xilma-xil navlarini yaratishni bilib olgan. Ammo O’simliklarni ko’p miqdorda yig’ib olish va O’simliklar boyliklaridan oqilona foydalanmaslik ularning juda katta maydonlarda yo’qolib ketishiga olib keldi; ko’plab o’simlik turlarining butunlay yo’qolib ketish xavfi tug’ildi. Shu sababdan, O’zbekistonda O’simliklarni himoya qilish va ularning tabiiy boyliklaridan oqilona foydalanish to’g’risida maxsus qonun qabul qilingan. O’zbekiston Respublikasi qizil kitobiga noyob va yo’qolib borayotgan O’simliklar turlari kiritilgan. O’simliklarni botanika fani o’rganadi. Ad. Jizn rasteniy, t. 1-6, M., 1974-82; Vent F.U., V mire rasteniy, M., 1972; Taxtadjyan A.L., Voprosi evolyutsionnoy morfologii rasteniy, L., 1954.