O’SIMLIKLAR ANATOMIYASI

O’SIMLIKLAR ANATOMIYASI — botanikaning o’simliklarning ichki tuzilishini o’rganadigan bo’limi. O’simliklar anatomiyasining paydo bo’lishi mikroskopning kashf etilishi va 17-asr oxirida Italiya biologi M.Malpigi hamda ingliz botanigi N.Gryu tomonidan ilk bor o’simlik to’qimalarining mikroskopik tuzilishini o’rganilishi bilan bog’liq. O’simliklar hujayralarini o’rganib olingan natijalardan 19-asrda T.Shvann o’zining hujayra nazariyasini ishlab chiqishda foydalangan. 19-asrning 2-yarmi va 20-asrning boshidan boshlab o’simliklar to’qimalari, hujayralari va organoidlari ularning o’sishi, rivojlanishi, ontogenez davomida ixtisoslashuvi hamda ular funktsiyasi bilan qo’shib o’rganila boshlandi. Ana shu davrda O’simliklar anatomiyasidan o’simliklar tsitologiyasi ajralib chiqadi. Elektron mikroskopiya, metodologik asoslardan — evolyutsion ta’limot va ekologik yondoshuv O’simliklar anatomiyasini o’rganish metodlaridan hisoblanadi. O’simliklar anatomiyasi dalillaridan faqat biologiyada emas, balki Agronomiya, texnika, tarix va arxeologiya (dendrologiya), shuningdek, Farmasevtika, oziq-ovqat, tsellyulozaqog’oz ishlab chiqarish, yog’ochsozlik sanoatida foydalaniladi. O’simliklarning ichki tuzilishi, asosan, yorug’lik mikroskopi yordamida o’rganiladi. Bu jarayonda yangi tekshirish usullari — polyarizatsiya, ultrabinafsha nurlar, lyuminessent va elektron mikroskopiya hamda tekshirishning gistokimyoviy usullari, rentgenostruktural analiz va boshqalardan ham foydalaniladi, anatomik tadqiqotlar o’simliklarning kelib chiqishi, qishloq xo’jalik ekinlariga tashqi muhit ta’sirini aniqlash va boshqalar masalalarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega.