O’SIMLIKLAR EMBRIOLOGIYASI

O’SIMLIKLAR EMBRIOLOGIYASI, fitoembriologiya — o’simliklar morfologiyasining xususiy predmeti, o’simliklar murtagining hosil bo’lishi va rivojlanishi qonuniyatlarini o’rganadi. Ochiq urug’lilar va gulli O’simliklar embriologiyasi urug’ kurtak va gulda kechadigan ontogenezi hamda gametofitlar, jinsiy hujayralar va zigotaning tuzilishi hamda rivojlanishini tadqiq qiladi. O’simliklar embriologiyasi to’g’risidagi ma’lumotlar qadimdan ma’lum. 16-18-asrlarda asosiy e’tibor gulli o’simliklar jinsini aniqlashga qaratiladi; duragaylash va chetdan changlantirish borasidagi eksperimental ishlar natijasida chetdan changlantirishning ahamiyati ochib beriladi. Italiya olimi M.Malpigi birinchi bo’lib gulli o’simliklarning tuxum hujayrasi va murtak xaltasini (1675), ingliz botanigi N.Gryu urug’ endospermasini (1672) kashf etadi. O’simliklar embriologiyasi mustaqil fan sifatida faqat 19-asr o’rtalarida shakllana boshladi. Uning shakllanishi ko’p jihatdan hujayra nazariyasini va evolyutsion ta’limotning yaratilishi bilan bog’liq. 20- asr boshlarida ochiq va yopiq urug’lilar gametofiti va chang naychasining rivojlanishi to’g’risida fundamental kashfiyotlar qilindi; meyoz, mikrosporogenez va qo’sh urug’lanishning mohiyati ochib beridtsi. Klassik tadqiqotlar tufayli O’simliklar embriologiyasining zamonaviy muammolari: ontogenezning asosiy davrlari — changdonning rivojlanishi, makrosporogenez, mikrosporalardan erkak gametofit (chang zarrachalari) va chang naychasining shakllanishi; makrosporogenez va makrosporalardan urg’ochi gametofit — murtak xaltasining hosil bo’lishi, qo’sh urug’lanish, endosperm va murtakning shakllanishi va boshqalar aniqlanadi. Tuban o’simliklar (suvo’tlar), lishayniklar, zamburug’lar generativ organlarining rivojlanishi uzoq vaqt davomida o’rganilmagan edi. Bu sohadagi ishlar so’nggi yillarda jadal olib borilmoqda. Solishtirma embriologiya har xil taksonomik guruhlarga mansub organizmlar embrional belgilarini o’rganish va solishtirish, o’simliklar rivojlanishi tsiklida nasl gallanishlarini solishtirib o’rganish bilan shug’ullanadi. Bu ishlarning natijasi o’simliklar sistematikasidagi yechilmagan muammolarni hal etishda va filogenetik sistemalarni yaratishda muhim ahamiyatga ega.