O’SISH
O’SISH (iqtisodiyotda) — mamlakatda tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar yaratish hajmining oldingi yil (davr) larga nisbatan ko’paygan miqdorda takrorlanishi. Iqtisodiy o’sishni ta’minlash har qanday mamlakat iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi hisoblanadi. Yildan yilga aholi sonining ko’payishi, kishilar ehtiyojlarining mutassil ortib borishi iqtisodiy O’sishni shart qilib qo’yuvchi asosiy sabablardandir. Iqtisodiy O’sish aholi turmush darajasini oshirishga, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. Iqtisodiy O’sish negizida iqtisodiyotdagi yetakchi tarmoqlarning rivojlanishi turadi. Iqtisodiy o’sish ishlab chiqarishning ilg’or tuzilmasiga, yuqori mehnat unumdorligi darajasiga, ichki va tashqi bozorda talab katta bo’lgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga, mahsulotni qulay bozorlarda sotishga tayanadi. Boshqacha aytganda, iqtisodiy O’sish mahsulot ishlab chiqarishning real hajmini muttasil ko’paytirib borish va ayni paytda jamiyat taraqqiyotida texnologik, iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarning yaxshilanib borishini anglatadi. Iqtisodiy O’sishni aniqlash va hisoblashda mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining eng umumiy ko’rsatkichi bo’lgan yalpi ichki mahsulot (YAIM) asos bo’lib xizmat qiladi va iqgisodiy o’sishning muayyan davr mobaynida Real YAIM hajmining ijobiy tomonga o’zgarishini ko’rsatadi. Iqtisodiy o’sish sur’atlari YAIM o’sish sur’atlarida o’z aksini topadi. Iqtisodiy O’sish mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishining umumiy holatini ifodalaydi. Real YAIM hajmining o’zgarishi mamlakat iqtisodiyoti holati va dinamikasi to’g’risida ma’lumot bersada, iqtisodiy O’sishni to’liq aks ettirmaydi. Masalan, mamlakat aholisining O’sish sur’ati 3% ni, Real YAIM ning O’sish sur’ati ham 3% ni tashkil etdi. Bunday holatda, garchi YAIM hajmi o’sgan bo’lsada, kishilarning daromadlari o’zgarmay qoladi. Shu sababli iqtisodiy O’sishni to’laroq aks ettirish uchun boshqa bir ko’rsatkich — aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan Real YaIMning o’zgarishi qo’llaniladi. Real YAIM hajmining o’zgarishi umuman mamlakat iqtisodiyotining muayyan davr oralig’idagi rivojlanishini ifodalasa, aholi jon boshiga to’g’ri keladigan Real YAIM hajmining o’zgarishi iqtisodiy rivojlanishga kishilar turmush darajasi orqali baho berishga xizmat qiladi. Mamlakat iqtisodiyotida yaratilgan YAIM ishlab chiqarish omillari — yer, kapital va mehnat resurslarining o’zaro ta’sirida shakllanadi. Bular iqtisodiy O’sishning miqdoriy omillariga kiradi (masalan, foydalanilayotgan ekin maydonlarni kengaytirish YAIM o’sishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi). Ushbu omillarni ishlab chiqarish jarayoniga kengroq jalb etish natijasida yuz beradigan iqtisodiy O’sish ekstensiv o’sish deb ataladi. Iqtisodiy O’sishning sifat omillari ham mavjud bo’lib, ularga mehnat, kapital va yer (tabiiy) resurslari unumdorligi kiradi. Sifat omillari hisobiga yuz beradigan iqtisodiy O’sish intensiv o’sish deb yuritiladi. Ishlab chiqarish omillarining cheklanganligi ekstensiv O’sishning imkoniyatlarini chegaralaydi. Shu sababli resurslar cheklanganligi sharoitida intensiv o’sish samarali hisoblanadi. Fan-texnika taraqqiyoti ham intensive iqtisodiy o’sishni rag’batlantiradi. Keyingi yillarda bir qator ijtimoiy ko’rsatkichlar iqtisodiy O’sish sharti va natijasi tarzida qaralmoqda. Ishlab chiqarish sohasida — bandlikning yukobiy Dinamikasi; taqsimot sohasida — aholining Real daromadlari va boshqalar bir qator ko’rsatkichlar dinamikasi; ayirboshlash sohasida — savdo va umumiy ovqatlanish moddiy bazasining rivoji, chakana savdo aylanmasi dinamikasi; iste’mol sohasida — iste’molning va noishlab chiqarish jamg’arishning o’sishi shunday ko’rsatkichlarga kiradi. Iqtisodiy o’sishning asosiy ijobiy tomoni — uning ishlab chiqarish va iste’mol tuzilmasi o’zgarishlariga ta’sir ko’rsatishidir. Nurislom To’xliyev.