O’SMALAR
O’SMALAR, blastomalar — organizmdagi o’zgargan va o’zining odatdagi shakli hamda funktsiyasini yo’qotgan (sifati buzilgan) hujayralardan iborat to’qimalarning zo’r berib o’sib ketishi. O’sma hujayralari O’smalarga sababchi omillar to’xtagandan keyin ham ko’payaveradi. O’smalarni onkologiya fani o’rganadi. Xavfsiz (yetilgan) va xavfli (yetilmagan) O’smalar farq qilinadi. Xavfsiz O’smalar atrofdagi to’qimani itaradi, suradi, ba’zan siqib qo’yadi, lekin ularni yemirmaydi. Xavfli O’smalar tez rivojlanib, boshqa to’qimalarga o’sib kirib, ularni yemiradi; bunda qon tomirlarga ham shikast etadi. Odatda, qon va limfa tomirlari devorining yemirilishi natijasida qon yoki limfaga tushgan o’sma hujayralari turli a’zo va to’qimalarga metastaz beradi. Natijada O’smalarning ikkilamchi tugunlari — metastazlar hosil bo’ladi, ya’ni O’smalar tarqalib ketadi. O’smalar butunlay olib tash- lanmasa, qaytadan o’sib chiqadi (retsidiv beradi). Xavfsiz O’smalar metastaz bermaydi (tarqalmaydi), ammo paydo bo’lgan joyiga ko’ra hayot uchun xavfli bo’lishi (masalan, miyada yoki nafas va hazm yo’llarida bo’lsa, ularni siqib, ezib qo’yishi), shuningdek, uning bir qismi kesib tashlansa, qayta o’sishi mumkin. O’smalarning metastaz berish-bermasligi va metastaz berish tezligi organizmning immunobiologik holatiga bog’liq. O’smalar o’sishi to’qimada cheksiz bo’linuvchi o’zgargan hujayralarning kichik guruhi vujudga kelishidan boshlanadi. Ular sekin-asta rivojlanadi. Bunda bir necha bosqich farq qilinadi: 1) o’sma hujayralarining notekis ko’payishi (giperplaziya); 2) o’choqli proliferasiya, ya’ni to’qimaning o’sishi, 3) xavfsiz O’smalar. hosil bo’lishi; 4) nihoyat, uning xavfli tus olishi (malignizatsiya). Bevosita xavfli O’smalardan avval paydo bo’lgan va xavfli O’smalarga aylanadigan O’smalar rak oldi, to’qimada ancha erta sodir bo’lgan o’zgarishlar o’sma oldi jarayoni hisoblanadi. O’smalarning bosqichma bosqich rivojlanishi va keyin xavfli tus olishi — uning o’ziga xos avj olishi shu tariqa o’tadi. O’smalardan qon ketishi kamqonlikka, O’smalarning chirishi va moddalar almashinuvi buzilishidan hosil bo’lgan mahsulotlar organizmning zaharlanishiga sabab bo’ladi. O’smalar parenxima va stromadan tarkib topadi. Parenxima O’smalarning asosiy massasi bo’lib, uning o’sishi va tabiatini belgilaydi; stroma O’smalar atrofidagi biriktiruvchi to’qimadan hosil bo’ladi. Har bir o’smaning nomi o’zi paydo bo’lgan to’qima nomidan (oxiriga “oma” — o’sma ma’nosini anglatuvchi qo’shimcha qo’shiladi) olingan, masalan, tog’aydan vujudga kelgan O’smalar xondroma, yog’to’qimasi o’smasi lipoma, muskul to’qimasi o’smasi mioma, biriktiruvchi to’qimada yuzaga kelgan xavfli O’smalar sarkoma, epiteliy to’qimasidan paydo bo’lgan xavfli O’smalar karsinoma (rak), me’da osti bezi bo’lakchalaridan hosil bo’lgan O’smalar insuloma deyiladi va hokazolar. Leykozlar ham O’smalarga kiradi. Rak bilan og’rish turli mamlakat va mintaqalarda turlicha, masalan, teri raki shimolga nisbatan Janubda ko’proq uchraydi. O’smalarning paydo bo’lishi va rivojlanishida organizmning tug’ma yoki hayotda orttirilgan umumiy reaktsiyasi kata ahamiyatga ega. Irsiy omillar asosan, O’smalarga moyillikni, ya’ni organizmning o’sma paydo qiladigan ta’sirotlarga nisbatan ko’rsatadigan u yoki bu reaktsiyasini belgilab beradi. O’smalar ta’sirini bartaraf etishda esa organizmning himoya, immunobiologik kuchlari, shuningdek, uning ovqatlanish va boshqalar hayot tarziga bog’liq umumiy holati katta ahamiyat kasb etadi. Umuman O’smalar organizmga turli fizik, kimyoviy va biologik omillar ta’sir ko’rsatishi natijasida vujudga kelishi mumkin. Shuning uchun ham hozir O’smalarning kelib chiqishi ko’p omilli (polietiologik) jarayon deb qaraladi. O’smalar, odatda 40 yoshdan keyin paydo bo’ladi. Ammo yoshlar va hatto, bolalarda ham uchratish mumkin. O’smalarning oldini olish ularning kelib chiqishiga (gigienik profilaktika) va rivojlanishiga qarshi (rakning klinik profilaktikasi) tadbirlardan iborat. Gigienik profilaktika organizmga Kantserogen ta’sir ko’rsatadigan omillarni yo’qotish yoki ularning miqdorini kamaytirishdan; klinik profilaktika esa o’sma oldi kasalliklarini o’z vaqtida aniqlab, davolashdan iborat. Aholi o’rtasida muntazam (sistemali) ommaviy profilaktik tekshiruvlar o’tkazish va ayrim aholi guruhlarini dispanserizatsiya qilish katta ahamiyatga ega. Kasallikning boshlang’ich belgilari paydo bo’lganda darhol vrachga murojaat qilish kasallikni barvaqt aniqlashda nihoyatda muhim. O’smalar diagnostikasi bemorni klinik instrumental tekshirish (so’rash, kuzatish, maxsus tekshirish usullarini qo’llash va har xil tahlillar o’tkazish)ga asoslangan. Ichki a’zolar (me’da, o’pka, tuxumdon, yo’g’on ichak, me’da osti bezi va boshqalar)dagi O’smalarni barvaqt aniqlash (diagnoz qo’yish) ancha mushkul bo’lib, bunda rentgenologik, radioizotop, endoskopik, morfologik, immunologik, kompyuter tomografiya, biopsiya olish va boshqalar maxsus tekshirish usullaridan foydalaniladi. Tibbiyot amaliyotida radioizotoplar yordamida tekshirish usullari keng qo’llanilmoqda. Ayrim radioaktiv moddalar, masalan, fosfor, yod, strontsiy, oltin va boshqalarni o’sma hujayralari sog’lom hujayralarga nisbatan ancha ko’p yutadi, bu esa radioizotoplarning tarqalishiga qarab O’smalar va metastazlarni barvaqt aniqlash imkonini beradi. O’smalar tuzilishining morfologik xususiyatlarini aniqlash davolashning aniq usulini tanlashda muhim ahamiyatga ega. Xavfli O’smalar kompleks usulda davolanadi. O’smalar paydo bo’lgan a’zoga, uning rivojlanish bosqichi, tuzilishiga, bemorning yoshi va boshqalarga qarab gamma va rentgen nurlari, doridarmonlar bilan davo qilinadi; lekin xirurgik usul keng qo’llaniladi. Ko’pincha xirurgik usul nur va dori- darmonlar qo’llab davolash bilan birga olib boriladi. Xavfli O’smalarni nur bilan davolash onkologiyaning rivojlanayotgan yo’nalishlaridan biridir. So’nggi yillarda organizmning himoya kuchlarini oshirishga qaratilgan immunoterapiya usulida davolash jadal olib borilmoqda.