Ostrovskiy Nikolay Alekseyevich

Ostrovskiy Nikolay Alekseyevich [1904.16(29).9, Rovno viloyati Viliya qishlog’i — 1936.22.12, Moskva] — rus yozuvchisi. Cherkov krshidagi diniy maktabni tugatib (1913), 9 yoshida mehnat faoliyatini boshlagan. Dastlab 2 sinfli, keyin Oliy boshlang’ich bilim yurtida o’qigan (1917-19). So’ng ko’ngilli sifatida frontga ketib, G. I. Kotovskiyning otliq brigadasi va birinchi otliq armiyada xizmat qilgan. 1920 yilda og’ir jarohat olgach, “mehnat fronti”da ishlab, komsomol tashkilotlarida faollik ko’rsatgan. 1927 yilda xastaligi og’irlashib, ko’zi nogiron, o’zi esa to’shakband bo’lib qolgan. Shunga qaramay, Ostrovskiy adabiy faoliyat bilan shug’ullanib, dastlab Kotovskiy brigadasi to’g’risida qissa (1927-28), keyin “Po’lat qanday toblandi” romanini yozadi (1932-34). Fuqarolar urushi yillaridagi komsomol yoshlar jasoratiga bag’ishlangan va muharrirlar tomonidan qayta ishlangan mazkur asar sovet adabiyotining ulkan yutug’i sifatida baholanib, uzoq davrlar mobaynida sovet yoshlari hayotiga bag’ishlangan sovet davri qahramoni obrazi yaratilgan asarlar uchun Andoza bo’lib qolgan. Romanning bosh qahramoni Pavel Korchagin obrazi esa yoshlarni sovet davri g’oyalari ruhida tarbiyalashda sovet targ’ibot va tashviqot mashinasi uchun muhim vositalardan biriga aylangan. Dastlabki romanining katta muvaffaqiyat qozonganidan ilhomlangan Ostrovskiy yana fuqarolar urushi mavzuida “bo’ron bolalari” qissasini yozgan (1934-36) va publitsistik maqolalar e’lon qilgan. Ostrovskiyning har ikkala romani o’zbek tiliga tarjima qilingan. As: Sochineniya, t. 1-3, M., 1969; Po’lat qanday toblandi, T., 1970; bo’ron bolalari, T., 1985. Ad.: Timofeev V., Shiryaeva M., Nikolay Ostrovskiy. Kritikobiograficheskiy ocherk, M., 1957.