O’T PUFAGI

O’T PUFAGI — odam va ko’pchilik umurtqali hayvonlarda o’t yig’iladigan kovak a’zo. Odamlarda O’t pufagining uzunligi 10— 14 santimetr, eni 3,5—4 santimetr, sig’imi 30— 70 santimetr kub, nok shaklida. O’t pufagining kengaygan qismi — tubi, o’rta qismi — tanasi va toraygan bo’yin qismi tafovut qilinadi. Jigarning ostki qismi yuzasida joylashgan. O’t pufagining tubi jigarning o’ng bo’lagi ostidan bir oz chiqib turadi. Uning bo’yin qismi ingichkalashib borib, O’t pufagi nayiga aylanadi. Bu nay jigar darvozasida hosil bo’lgan jigar o’t yo’li bilan birlashib, umumiy o’t yo’lini hosil qiladi. O’t yo’lining o’n ikki barmoq ichakka o’tish yerida silliq muskulli qisqich bor, u o’t va me’da osti bezi shirasining ichakka tushishini tartibga solib turadi. O’t pufagining faqat pastki qismi qorin parda bilan o’ralgan bo’lib, qolgan qismi jigarga biriktiruvchi to’qima yordamida yopishib turadi. O’t pufagi devori seroz parda, juda ko’p burmalar hosil qiladigan shilliq parda va muskul qavatidan iborat. O’t pufagining yallig’lanishi xolesistit deb ataladi.