O’T, SAFRO
O’T, SAFRO — jigar hujayralari ajratadigan sarg’ish-jigarrang suyuqlik. Odam hamda hayvonlar ichagida yog’va yog’simon moddalar hazm bo’lishi va so’rilishini ta’minlaydi. Tarkibi, asosan, suv, o’t kislota tuzlari, bilirubin, xolesterin va anorganik tuzlardan iborat. Katta yoshdagi odam jigari sutkada 1,2 l gacha o’t ishlab chiqaradi. Ovqat hazm qilish jarayoni sodir bo’lmagan hollarda O’t o’t pufagida to’planadi. Odamda O’tning kimyoviy tarkibi, xossalari va miqdori turli kasalliklarda (masalan, o’t tosh kasalligida) o’zgarib turadi. O’t ba’zi mikrob (ich terlama, sil)larni o’stirishda oziqli modda sifatida va kasalliklarni davolashda qo’llaniladi.