O’TA YANGI YULDUZLAR

O’TA YANGI YULDUZLAR — yorqinligi keskin o’zgaruvchi (chaqnovchi) yulduzlar. Ularning chaqnashi portlash hisobiga yuz beradi. Portlash tufayli bunday yulduzlar ravshanligi bir necha kun davomida o’nlab million marta ortadi. Portlash yuz bergandan keyin 2-3 hafta o’tgach, yulduzlar o’z ravshanligining maksimumiga erishganda ularning mutlaq yulduz kattaligi 11 dan to 19 gacha yetadi, so’ngra bir necha oy davomida yorqinligi 25-30 marta kamayadi. Chaqnash davomida O’ta yangi yulduzlar umumiy nurlanish energiyasi =1048 — 104′ erg bo’ladi. Fan nuqtai nazaridan yulduzlarning portlashi ular evolyutsiyasining oxirgi bosqichida vujudga keladigan muvozanatsizlikning oqibati deb qaraladi. Galaktikada O’ta yangi yulduzlarning chaqnashi bir necha yuz yilda 1-2 marta kuzatilishi mumkin. Astronomlar tomonidan galaktikamizda ham bir necha O’ta yangi yulduzlarning chaqnashi kuzatilgan. Bular ichida Savr yulduz turkumida 1054 yildan Xitoy astronomlari tomonidan kuzatilgan portlash eng quvvatli hisoblanadi. Bu yulduz bir necha kun davomida, hatto kunduzi ham ko’rinib turgan. 1572 yilda boshqa O’ta yangi yulduzlar daniyalik astronom Tixo Brage tomonidan Kassiopeya yulduz turkumida, 1604 yilda esa Kepler tomonidan Ilon eltuvchi yulduz turkumida kuzatilgan. O’ta yangi yulduzlar ravshanliklarining vaqt bo’yicha o’zgarish tabiati va spektriga ko’ra ikki turga bo’linadi. O’ta yangi yulduzlarning 1-turi 2-turiga nisbatan 5-10 marta ravshan bo’lib, ravshanlikning maksimumiga tez erishadi.