O’TA YUQORI CHASTOTALAR
O’TA YUQORI CHASTOTALAR — radiotexnikada qo’llaniladigan eng yuqori chastotalar sohasi. Chegarasi (30 MGs) 10 metrli to’lqinga mos keladi; diapazoni 10 metrdan qisqa radioto’lqinlarni qamrab oladi. O’ta yuqori chastotalar diapazoni tebranishlarni uyg’otish, qabul qilish va kuchaytirish usullari va tarqalish sharoitlari bo’yicha ushbu xususiyatlarga ega: 1) elektronlarning uchish vaqti (elektron asbobning katodidan anodigacha yoki boshqa elektrodlargacha masofani o’tish vaqti) tebranishlar davriga yaqin bo’ladi. Shu sababli, O’ta yuqori chastotalar sohasida tebranishlarni generasiyalash, kuchaytirish va o’zgartirishning maxsus usullari va maxsus asboblar (klistron, magnetron va boshqalar) dan foydalaniladi; 2) O’ta yuqori chastotalar diapazonida antennaning o’lchami to’lqin uzunligidan ko’p marta katta bo’ladi. Shu tufayli, yuqori darajada yo’nalgan ta’sirga ega va antennaning kuchaytirishi katta bo’lishi mumkin; 3) O’ta yuqori chastotalar diapazonida radioto’lqinlarning ionosferada sezilarli sinishi yuz bermaydi va atmosferaning yuqori qatlamlariga tushib, yerga qaytmaydi. Shuning uchun bu to’lqinlar bevosita ko’zga ko’rinadigan chegaradan uncha ko’p uzoqqa tarqalmaydi.