Otxona
Otxona — otlar uchun mo’ljallangan bino. Maxsus ot fermalari va ot zavodlarida quriladi. Nasldor otlar Otxonasida nasl olinadigan biyalar, ayg’irlar, 1,5 yoshgacha va mashq qildirilayotgan 1,5 yoshdan katta toylar boqiladi. Nasldor otlar og’illarda bog’lamay, toylar esa og’illarda yoki umumiy binolarda saqlanadi. Nasl olinadigan biyalar, ayg’irlar va mashq qildirilayotgan toylar uchun og’illar hajmi 3,5×3,5 metr, 1,5 yoshgacha bo’lgan toylar uchun 3×2,5 metrdan bo’ladi. Ish otlari og’illarda bog’lab boqiladi. Qulunli biyalar va toylar og’illarda alohida saqlanadi. Og’illar hajmi zotli katta otlar uchun 1,75×3 metr, maydalari uchun esa 1,6×2,85 metr qilinadi. Umumiy bino (sektsiya)larda 1 toy uchun 4,5—7 m2 joy ajratiladi. Otxonaning ichi ikki qatorli, o’rtasida 2-3 metr kenglikdagi yo’l, yo’lning ikki tomonida og’illar va umumiy binolar bo’ladi. Og’illar bilan umumiy binolarga oxurlar quriladi, vodoprovod o’tkaziladi. Otxonada ot mashq qildiriladigan, yem-xashak, asbob-uskuna saqlanadigan joylar, go’ngxona, navbatchi xonasi, ayg’irlar urug’i tekshiriladigan xona va boshqa qo’shimcha xonalar bo’ladi. Otxona 40— 100 otga mo’ljallab quriladi.