Ovidiy
Ovidiy, (Publiy Ovidiy Nazon — Publius Ovidius Naso) (miloddan avvalgi 43 — milodiy taxminan 18) — Rim shoiri. Ijodini ishqiy she’rlar bilan boshlagan (“ishqiy elegiyalar”, milodiy 1-2-yillardan oldin). “Sevgi san’ati”, “Sevgi davosi” dostonlari (ikkalasi ham taxminan miloddan avvalgi 20—milodiy 1-yil) didaktik ruhda, ularda Rim hayoti lavhalari ifodalangan. Mashhur “Metamorfozalar” mifologik eposi (15 kitobdan iborat, taxminan milodiy 1-8-yillar) — Ovidiy ijodining cho’qqisi. Axloq xususidagi dadil fikrlari uchun imperator Avgust tomonidan Tomi shahri (hozirgi Ruminiyaning Konstantsa porti)ga surgun qilingan va shu yerda umrining oxirigacha turib (taxminan 10 yil), “G’ussali elegiyalar” (5 kitob, taxminan milodiy 8-yildan keyin) va boshqa asarlarini yozgan. “Elegiyalar”, “Metamorfozalar”, “g’ussali elegiyalar”dan namunalar Oybek tarjimasida o’zbek tilida nashr qilingan.