O’XSHASHLIK NAZARIYASI
O’XSHASHLIK NAZARIYASI — fizik hodisalarning o’xshash sharoitlarini miqdoriy jihatdan tadqiq qilish usullarini ishlab chiqish bilan shug’ullanadigan ta’limot. Fizik o’xshashlik turdosh hodisalar orasidagi muvofiqlikni, ya’ni bir fizik hodisaning barcha miqdoriy ko’satkichlari mutanosib ravishda o’zgartirilishi natijasida hosil bo’lishini bildiradi. O’xshashlik nazariyasining asosiy vazifasi turli fizik hodisalarning o’xshashlik mezonlarini aniqlash va shu mezonlar yordamida hodisalarning o’zini o’rganishdir. Fizik hodisalar, jarayonlar va sistemalar o’xshashligi bir sistema holatini ifodalovchi o’zgaruvchi kattaliklarning vaqtning o’xshash paytlarida fazoning o’xshash nuqtalaridagi qiymatlari boshqa sistemaning xuddi shunday kattaliklariga mutanosib bo’lishiga asoslandi. Kattaliklarning har biriga tegishli mutanosiblik (Proportsionallik) koeffisienti o’xshashlik koeffisienti deyiladi. Fizik o’xshashlik geometriyada biz yaqqol va sodda ravishda ko’radigan geometrik o’xshashlikning umumlashmasidir. Geometrik o’xshashlikda o’xshash figuralar yoki jismlarning o’xshash geometrik elementlari orasida mutanosiblik (o’xshashlik) bo’ladi. Maydonning fizik o’xshashligida ikki sistemaning mos fizik parametrlari fazo va vaqtda o’xshash bo’ladi. Masalan, kinematik o’xshashlikda qaralayotgan ikki harakat uchun tezliklar maydonning o’xshashligi mavjud bo’ladi; dinamik o’xshashlikda esa ta’sir qilayotgan turli tabiatli kuchlar (og’irlik kuchlari, bosim kuchlari, yopishqoqlik kuchlari va shahri o’xshashlik) yoki kuchlar maydonining o’xshashligi amalda bo’ladi; mexanik o’xshashlik (masalan, ikki suyuqlik yoki gaz oqimining, ikki elastik sistemaning o’xshashligi) amalda bo’lishi uchun geometrik, kinematik, dinamik o’xshashlik mavjud bo’lishi kerak; elektrodinamik o’xshashlikda — tok, kuchla- nish, quvvat maydonlarining o’xshashligi bo’lishi kerak. Bu o’xshashliklar fizik o’xshashlikning xususiy ko’rinishidir. Mexanik, issiqlik va kimyoviy hodisalarning majmuidan iborat murakkab fizik va fizikkimyoviy jarayonlarni tadqiq qilishning rivojlanishi munosabati bilan jarayonlar uchun O’xshashlik nazariyasi usullari ham takomillashib bordi, masalan, mashina detallarining ishqalanish va emirilish jarayonlari, fizik-kimyoviy o’tishlar kinetikasi jarayonlari va boshqalar hodisalarning o’xshashlik sharoitlari aniqlanadi. O’xshash hodisalarni ifodalovchi barcha parametrlardan tuzish mumkin bo’lgan barcha o’lchovsiz kombinasiyalar o’xshash hodisalar uchun birday son qiymatlarga ega bo’ladi. Qaralayotgan hodisalarni aniklovchi parametrlardan tuzilgan o’lchovsiz kombinasiyalar o’xshashlik mezonlari deb ataladi. O’xshashlik mezonlaridan tuzilgan ixtiyoriy kombinatsiya ham ko’rilayotgan fizik hodisalar uchun o’xshashlik mezoni bo’la oladi. Agar ko’rilayotgan fizik hodisalar yoki sistemalarda barcha mezonlar emas, ulardan ba’zilari teng bo’lsa o’xshashlik qisman o’xshashlik deb yuritiladi. Ana shunday o’xshashlik amalda eng ko’p uchraydi. Bunday tengligi saqlanmaydigan mezonlarning fizik jarayonlarga ko’rsatadigan ta’siri sezilarli bo’lmasligi yoki ikkinchi darajali bo’lishi kerak. O’xshashlik mezoniga kiruvchi o’lchamli fizik parametrlar o’xshash sistemalar uchun bir-biridan kata farq qiluvchi qiymatlar olishi mumkin, faqat o’lchamsiz o’xshashlik mezonlarigina birday bo’lishi kerak. O’xshash sistemalarning ana shu xossasi modellash usuliga asos qilib olingan.