Oynatosh, sangi oyna

Oynatosh, sangi oyna — tekis yuzali ko’zgusimon tosh. Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyati Botkent tumanidagi Qorabog’qishlog’idan 800 metr chamasi Janubi- Sharqda, Turkiston tizmasining shimoliy yon bag’rida joylashgan. Uning yaqinidan Yaypan — Sho’rsuv — Botkent avtomobil yo’li o’tadi. Oynatosh to’g’risidagi yozma ma’lumotlar “Boburnoma”da ham keltirilgan. Bobur o’z asarida shunday yozadi: “…Isfaraning bir narida janub sori pushtalarning orasida bir parcha tosh tushubdur, “sangi oyna” derlar, uzunlig’i taxminan o’n kari bo’lg’ay, balandlig’i, ba’zi yeri kishi bo’yi, pastlig’i ba’zi yeri kishining beliga bo’lg’ay, oynadek har nima mungakis bo’lur”. Oynatosh haqida mahalliy aholi o’rtasida turli rivoyatlar to’qilgan. Oynatosh paleozoy davrining kremniyli slaneslaridan tuzilgan bo’lib, uzunligi 18 metr, eni 2 metrcha. Qiyaligi 38-48° bo’lgan, Janubga qaragan yaxlit tosh. Toshning yuzasi oynasimon, tekis bo’lganligidan unda barcha predmetlarning aksi aniq ko’rinadi. Oynatosh tektonik uzilmaning yuzasida hosil bo’lgan. Uning yuzasidagi “chandiqlar” uzilma yuzasida bo’lgan siljishlarning guvohidir.