Oyrotlar

Oyrotlar (mo’g’ulcha — birlik, ittifoqdosh, yaqinlik, qo’shnichilik, o’rmonzorda yashovchilar) — g’arbiy mo’g’ullar tarkibiga kirgan cho’ros, derbet, xo’shout va targ’aut kabi 4 ulus, ya’ni qabilalar Ittifoqining umumiy nomi. Oyrotlarni “derben oyrot” (“to’rt oyrot”) deb ham atashgan. Turkiy xalqlar Oyrotlarni “qalmoq” deb atagan. Oyrotlarning umumiy soni haqida aniq ma’lumot yo’q. Oyrotlar ilk bor 1204 yilga oid manbalarda qayd etilib, Yenisey daryosining yuqori qismida yashagan. Keyinchalik (15-asr) Sharqiy Turkistonning shimoliy qismidagi (Jung’oriya) yaylovlariga joylashgan. 17-asr boshlarigacha Oyrotlarga xo’shoutlar sardori (tayji) etakchilik qilgan, keyin ushbu lavozim tarkibida turklar ko’proq bo’lgan cho’ros ulusi boshlig’i qo’liga o’tgan. Oyrotlarning hayoti chorvachilikka asoslangan, shu bilan birga ular ovchilik, dehqonchilik, hunarmandchilik bilan ham shug’ullanadi. Oyrotlarning yozuvi qadimgi uyg’ur yozuviga asoslangan. Dindorlari — Tibet budda dinidan, uning “sariq din” (xitoycha “Xuang-jyao”) oqimiga e’tiqod qiladi. Shu bois Tibetning markazi Lxasadagi ibodatxonani ziyorat qilish Oyrotlar uchun haj qilish bilan teng bo’lgan. Oyrotlar jamiyatida mavjud bo’lgan qoidalar Chingizxon davridagi qonunlar asosida bitilgan. “Oyrot-mo’g’ul tuzugi”ga asoslangan. Manjurlar tomonidan Xitoyda tashkil etilgan Tsin (chin) imperiyasi (1644-1911)ning Oyrotlar davlatini tugatishi, Oyrotlar uchun katta fojia bo’lgan. Oyrotlar yarim asr mobaynida xitoyliklarga qarshilik ko’rsatib nafaqat davlat tuzumidan, balki 600 ming kishidan iborat aholisining 5/6 qismidan ajralgan. Oyrotlarning tirik qolgan qismi Sharqiy Turkiston, Mo’g’uliston va Xitoyning g’arbiy o’lkalariga tarqatib yuborilgan. Abdulahad Xo’jayev.