“O’ZBEK TILI VA ADABIYOTI”

“O’ZBEK TILI VA ADABIYOTI” — ilmiy-nazariy va ijtimoiy jurnal. O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot instituti nashri. 2 oyda 1 marta chiqadi. 1958 yil Oybek asos solgan. Dastlab 1958-62 yillarda 3 oyda 1 marta “O’zbek tili va adabiyoti masalalari” nomi bilan chop etilgan. 1963 yildan hozirgi nomda. Jurnalda o’zbek tili va adabiyoti, folklor sohalarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, bahs-munozaralar, shuningdek, adabiyotshunoslik, tilshunoslik va folklorshunoslikka oid nazariy masalalar yoritib boriladi. “Adabiyotshunoslik”, “Tilshunoslik”, “Folklorshunoslik”, “Ilmiy-adabiy muloqot”, “Muhokama. Munozara”, “Tanqid va taqriz”, “Ilmiy axborot”, “Ilmiy hayot”, “Fanimiz zahmatkashlari” ruknlari ostida mumtoz va zamonaviy til va adabiyotni o’rganishning muhim masalalari, jahon so’z san’atidagi ilg’or tajriba va tamoyillar, istiqlol davri adabiyotining etakchi xususiyatlari atroflicha yoritiladi. “Meros” rukni ostida esa o’zbek mumtoz ilmiy va adabiy merosidan namunalar berib boriladi. Jurnalga Oybek (1958-68), K.Yashin (1969-1981), A. Hayitmetov (1982-87), B. Nazarov (1987-93), A. Hojiyev (1994-98), T. Mirzayev (1999 yildan) va boshqalar muharrirlik qilgan. Adadi 1500 (2005).