O’ZBEKISTON FTIZIATRIYA VA PULMONOLOGIYA INSTITUTI

O’ZBEKISTON FTIZIATRIYA VA PULMONOLOGIYA INSTITUTI, O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy tadqiqot instituti — ftiziatriya va pulmonologiya sohasida respublikada ilmiy, uslubiy muvofiqlashtiruvchi va konsultativ markaz. 1932 yil Samarqandda sil ilmiy tekshirish instituti nomi bilan tashkil etilgan. 1936 yil Toshkentga ko’chirilgan. 1977 yil institutga Sh.Alimov nomi berilgan. 1989 yildan hozirgi nomda. Institut sil epidemiologiyasi va oldini olishni hamda nafas a’zolarining sil bilan bog’liq bo’lmagan kasalliklarini tadqiq etadi; aholiga ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko’rsatishning tashkiliy shakllarini takomillashtiradi; sil hamda bronxlar va o’pkaning o’ziga xos xastaliklari diagnostikasi, differentsial diagnoz va silni xirurgik yo’l bilan davolash usullarini ishlab chiqadi. Respublika tibbiyot institutlaridagi sil va pulmonologiya kafedralari faoliyatini hamda silga qarshi dispanserlar ishini nazorat etadi va ularga metodik jihatdan rahbarlik qiladi. Institutda birinchi marta bemorlar salomatligini mehnatga va kasbga yaroqli qilib tiklashning ilmiy asoslari ishlab chiqildi. Institutda 4 ilmiy bo’lim (sil terapiyasi va epidemiologiyasi, sil xirurgiyasi, pulmonologiya, diagnostik laboratoriya), 4 laboratoriya va 500 o’rinli klinika bor, unda o’pka va o’pkadan tashqari a’zolar (plevra, suyak hamda bo’g’imlar, siydiktanosil a’zolari, shuningdek, limfa tugunlari va miya qobiqlari) sili hamda o’pkaning o’ziga xos kasalliklari (bronxial astma, o’pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, pnevmoniya, fibrozlovchi alveolit va boshqalar) bilan og’rigan bemorlar davolanadilar; klinika 11 ta bo’limdan iborat. institut dorilarni, xususan, Yevropaning yetakchi farmasevtik firmalarida ishlab chiqarilgan preparatlarni klinik tadqiqotdan o’tkazish markazi ham hisoblanadi. Shuningdek, ilmiy tibbiy axborot, tashkiliy-metodik bo’limlari, kutubxona, vivariy, muzey va boshqalar bor (2005). Institutda Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining ftiziatriya kafedrasi hamda Respublika Sog’liqni saqlash vazirligining bevosita kuzatuv ostidagi qisqa kursli kimyoterapiya markazi faoliyat ko’rsatadi. institut va klinikada 410 xodim, jumladan, 9 fan doktori, 27 fan nomzodi, 1 akademik, 1-O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi va boshqalar xizmat qiladi. institut faoliyati Sh.A.Alimov, A.A.Kalonxo’jayev, R.A. A’zamov, T.M.Qoriyev, A.M.Ubaydullayev kabi olimlar nomlari bilan bog’liq. Institutda ftiziatriya va pulmonologiya bo’yicha aspirantura, doktorantura va klinik ordinatura mavjud. institut ilmiy to’plam, monografiya va metodik qo’llanmalar nashr etadi. Abdulla Ubaydullayev.