“O’ZBEKISTON IQTISODIYOTI AXBOROTNOMASI”
“O’ZBEKISTON IQTISODIYOTI AXBOROTNOMASI” (“Ekonomicheskiy vestnik Uzbekistana”) — oylik ilmiyamaliy, ijtimoiy-iqtisodiy jurnal. Muassisi O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi. O’zbek va rus tillarida nashr qilinadi. Jurnalning birinchi soni 1919 yil 30 martda “Narodnoe xozyaystvo Turkestana” nomi bilan chiqqan. 1924 yildan — 1965 yil yanvargacha faqat rus tilida turli nomlar bilan chiqarilgan. 1965-1990 yillarda Respublika reja qo’mitasi organi sifatida “Ekonomika i jizn” nomi bilan nashr etildi, 1990 yilda uning asosida “Hayot va iqtisod” hamda “Jizn i ekonomika” nashrlari tashkil etilgan. 1993 yildan O’zbekiston Respublikasi istiqbolni belgilash va statistika davlat qo’mitasining ijtimoiy- iqtisodiy jur. sifatida “iqtisod va hisobot” va “Ekonomika i statistika” nomlarida nashr etila boshladi. 1998 yildan jurna; ilmiy-amaliy maqom oldi va hozirgi nomda nashr etiladi. O’zbekiston Respublikasida iqtisodiy rivojlanishning eng yangi yo’nalishlari, iqtisodiy islohotlar, makro va mikroiqtisodiyot, menejment va korporativ boshqaruv, tashqi iqtisodiy faoliyat, kichik va xususiy tadbirkorlik, fermer va dehqon xo’jaliklari faoliyati va boshqalar mavzular yoritiladi. Adadi 3000 nusxa (2005).