O’ZBEKISTON JISMONIY TARBIYA INSTITUTI

O’ZBEKISTON JISMONIY TARBIYA INSTITUTI — jismoniy tarbiya o’qituvchilari va sport turlari bo’yicha mutaxassislar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasasi. 1955 yilda Toshkentda jismoniy tarbiy texnikumi asosida tashkil etilgan. Hozirgi kunda institutda 4 ta ft (sport o’yinlari, yakka- kurash sport turlari, sirtqi ta’lim va malaka oshirish), 19 ta kafedra, 4 ta muammolar laboratoriya, doktorantura, aspirantura, nashriyot, bosmaxona, 170 ming asar jamg’armasiga ega kutubxona, 6 ta sport zali, 12 ta sport maydoni, 240 o’rinli talabalar uyi mavjud. Shuningdek, institut qoshida O’zbekiston Olimpiya akademiyasi, ixtisoslashgan ilmiy kengash, “Fan — sportga” ilmiy jurnal tahririyati faoliyat ko’rsatadi. 2004/05 o’quv yilida institutda 2123 talaba ta’lim oldi, 156 professor-o’qituvchi, jumladan, 11 fan doktori, 41 fan nomzodi va dotsent ishladi. Institutda sport turlari va kasbiy ta’lim (jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat) yo’nalishlari bo’yicha bakalavrlik hamda 16 mutaxassislik bo’yicha magistrlar tayyorlanadi. institut talabalar sport jamoasi respublikada o’tkazilayotgan “Universiada” o’yinlarida yetakchilik qilib kelayapti. “To’maris” (voleybol) va jismoniy tarbiya instituti sport klubi (basketbol) ayollar jamoalari esa O’zbekiston chempionatlarining ko’p karra g’olibidir. Institutda tahsil olgan Sobir Ro’ziyev, Rufat Risqiyev, Lina Cheryazova, Artur Grigoryan, Oksana Chusovitina, Mirjalol Qosimov, Rustam Saidov kabi sportchilar jahon chempionatlari, Olimpiada va Osiyo o’yinlarida chempion bo’lishgan. Institutning ilmiy pedagogik faoliyati Hoji Ahmad To’raxo’jayev, Roza Rafiqova, Vadim Avanesov, Ozoda Rixsiyeva, Abduhamid Hamroqulov, To’lqin Yunusov kabi olimlar nomlari bilan bog’liq. institut olimlari Germaniya, Koreya Respublikasi, Polsha, Rossiya, Ukraina, Hindiston, Qozog’iston, Qirg’iziston davlatlaridagi turdosh o’quv yurtlari mutaxassislari bilan ilmiy hamkorlik qilishadi. Ropijon Qudratov.