O’ZBEKISTON JURNALISTLARI IJODIY UYUSHMASI
O’ZBEKISTON JURNALISTLARI IJODIY UYUSHMASI — mustaqil, o’zini o’zi boshqaruvchi, nodavlat jamoat birlashmasi. 2004 yil 26 mart Toshkentda ijodiy uyushmani tuzish bo’yicha tashabbuskor guruh rahbarligida o’tkazilgan ta’sis konferentsiyasida O’zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo’llab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamg’armasining qonuniy vorisi sifatida tashkil topgan. Dastlab O’zbekiston Jurnalistlari uyushmasi (Kengashi, 1957), O’zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo’llab-quvvatlash ijtimoiy siyosiy fondi (1996) deb nomlangan. Ijodiy uyushmaning Qoraqalpog’iston Respublikasi, 12 viloyat va Toshkent shahrida bo’limlari bor. Uyushma qoshida 10 ijodiy kengash faoliyat yuritadi. Uyushmaning asosiy maqsadi jurnalistlarning jamiyatda tutgan o’rni va mavqeini ko’tarish, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, turli gazeta, jurnallar, tele va radiokanallarda, nashriyot va axborot agentliklarida ishlayotgan, shuningdek, erkin ijodkorlarning ijtimoiy- iqtisodiy, ijodiy hamda mualliflik huquqlarini, sha’ni va qadr-qimmatini, davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining muassislari va noshirlari oldidagi huquq va manfaatlarini himoya qilishdir. Uyushmaning oliy rahbar organi konferentsiya bo’lib, u har 5 yilda kamida bir marta chaqiriladi. Konferentsiya oralig’idagi davrda uyushma faoliyatiga Uyushma boshqaruvi rahbarlik qiladi. Uyushma qoshida O’zbekiston milliy matbuot markazi faoliyat ko’rsatadi. “Istiqlol” nashriyoti, “jurnalist” sho”ba korxonasi mavjud. Ijodiy uyushma tomonidan har yili “Yilning eng faol jurnalisti” va “Eng ulug’, eng aziz” (“Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda) ijodiy tanlovlari o’tkazib kelinadi. Hamid Sultonov.