“O’ZBEKISTON MARKASI” NASHRIYOT MARKAZI

“O’ZBEKISTON MARKASI” NASHRIYOT MARKAZI — pochta xizmati, pochta markalarini nashrga tayyorlash va ularni pochta muomalasiga chiqarish ishlari bilan shug’ullanadigan tashkilot. 1992 yilda tashkil etilgan. Dastlabki pochta markalari rus va nemis mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqarildi. 1996 yildan respublika rassomlari, dizaynerlari va mutaxassislari tomonidan nashrga tayyorlanib, chop etila boshlandi. Pochta markalarida davlatimiz tarixi, xalqimiz madaniyati va an’analari, fan va texnika sohasidagi yutuqlar, xalqimizning buyuk siymolari, tarixiy obidalar, respublika hududida o’suvchi kamyob o’simliklar va hayvonot olamida yo’qolib borayotgan hayvon turlari aks ettiriladi. “O’zbekiston markasi” nashriyot manbasi o’z mahsulotlari (pochta markalari) bilan xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok etdi. Markaz filatelistik material tarqatuvchi chet el firmalari va tashkilotlari bilan yozishmalar olib boradi.