“O’ZBEKISTON METALLURGIYA KOMBINATI” AKTSIYADORLIK BIRLASHMASI

“O’ZBEKISTON METALLURGIYA KOMBINATI” AKTSIYADORLIK BIRLASHMASI — qora metallurgiya sanoati korxonasi. Toshkent viloyati Bekobod shahrida. Qora metallurgiya mahsulotlarining eng muhim turlari (po’lat, cho’yan, po’lat quvurlar va po’lat prokat), armatura po’lati, shvellerlar, po’lat sharlar, po’lat emallangan idishlar ishlab chiqaradi, respublika bo’yicha yig’iladigan temirtersak, metall chiqindilarini qayta eritadi. 1942 yildan umumxalq hashari yo’li bilan qurila boshlagan, 1944 yil 5 martda ishga tushirilgan. 3Dda Marten tsexi, cho’yan quyish tsexi va 1974 yildan emallangan po’lat idishlar ishlab chiqarish tsexi mavjud. Marten tsexida 3 Marten pechi bor (1944, 1945 va 1949 yillarda ishga tushirilgan). 1946-49 yillarda prokat tsexi ishga tushirildi. 1962 yilli uzluksiz po’lat quyuv qurilma ishga tushirilgan; 1974 yildan emallangan po’lat ro’zg’or idishlari ishlab chiqarish boshlanadi. 1978 yil avgustda yillik quvvati 250 ming tonna bo’lgan elektr yordamida po’lat eritadigan 1 pech, dekabrda 2 pech, 1979 yil sentyabr da 3 pech mahsulot bera boshladi. 1984 yil iyudda navli prokat tsexining 1 navbati, 1987 yil sentyabrda 2 navbati ishta tushirildi. 1991 yildan 32-76 millimetrli po’lat quvurlar ishlab chiqaradigan ikki liniya mahsulot chiqara boshladi. 1994 yil iyunida tog’kon sanoati uchun ruda maydalash tegirmon sharlari ishlab chiqarish stansiyani foydalanishga topshirildi. Korxonada asosiy mahsulotlar bilan birga 50 yaqin turdagi xalq iste’moli tovarlari ham ishlab chiqariladi. Korxona 1944-94 yillarda “O’zbekiston metallurgiya zavodi” deb nomlangan. 1994 yil 24 martdan uning tarkibiga Shirin mashinasozlik zavodi, “Ikkilamchi qora metallar” korxonalari boshqarmasi kirdi va aktsiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasiga aylantirildi. 2003 yilda 486 ming tonna po’lat, 550,7 ming tonna tayyor prokat, shu jumladan, 132,1 ming tonna tegirmon sharlari ishlab chiqarildi. Chet ellarga 86740 ming AQSh dollarilik mahsulotlar eksport qilindi. Mahsulotlari Rossiya, Qozog’iston, Afg’oniston, Eron va boshqalarga eksport qilinadi. Chet ellardagi firmalar bilan ishlab chiqarish va ilmiy aloqalar o’rnatilgan. Aleksandr Farmonov.