O’ZBEKISTON MILLIY SIMFONIK ORKESTRI
O’ZBEKISTON MILLIY SIMFONIK ORKESTRI — respublikada yetakchi simfonik orkestr. 1938 yil O’zbek davlat filarmoniyasi tarkibida O’zbekiston davlat simfonik orkestri nomi bilan tashkil topgan (birinchi bosh dirijyori — G.Shpitalniy). 1982 yildan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jamoa. 1986 yildan hozirgi nomda. O’z faoliyati davomida orkestr chet el mumtoz (Gaydn, Motsart, Betxoven, Brams, Maler, List, Glinka, Chaykovskiy, Ravel, Debyussi va boshqalar) va 20-asr kompozitorlari (R.Shtraus, Britten, Prokofev, Stravinskiy, Onegger, Shchedrin, Shostakovich, Shyonberg, Shnitke va boshqalar)ning deyarli barcha simfonik asarlarini ijro etgan. Jamoa O’zbekiston kompozitorlari (M.Ashrafiy, Ik. Akbarov, M.Burhonov, B.Zeydman, M.Tojiyev, M.Mahmudov, R.Vildanov, T.Qurbonov, S.Jalil, M.Bafoyev va boshqalar) asarlarining birinchi ijrochisi va targ’ibotchisidir. Orkestrga A Kozlovsksh, N.Olimov, Z.Haqnazarovlar rahbarlik qilgan. 1998 yildan badiiy rahbari — K.Jalilov, bosh dirijyori — A.Ergashev. Orkestr bilan mashhur dirijyorlardan K.Kondrashin, Yu.Silantev, Amelik- Pashaev, A.Kas, F.Mansurov (Rossiya), K.Mazur (Germaniya), J.Boudri (Kanada), S.Akchil (Turkiya), G.Kalayyani (Italiya) va boshqalar, sozandalardan I.Stern, J.Fergyusson (AQSh), M.Az (Frantsiya), J.Lill (Angliya), Turini (Italiya), D.Oystrax, L.Kogan, M.Rostropovich, E. Gilels, R.Kerer, G.Kremer, V.Spivakov, T.Nikolayeva va boshqalar, xonandalardan I.Sumak (Peru), B.Minjilkiyev (Qirg’iziston), M.Reyzen (Rossiya) va boshqalar chiqishlar qilganlar. Orkestr respublikada o’tkaziladigan simfonik musiqa (“O’rta Osiyo va Qozog’iston”, “O’rta Osiyo va Kavkazorti mamlakatlari”), zamonaviy musiqa (“Davr sadolari”, “Ilhom — XX”) festivallari, xalqaro musiqa anjumanlarida (Toshkent, 1975; Olmaota, 1975; Samarqand, 1978, 1983 va boshqalar) faol qatnashgan; Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Turkiya, Boltiqbo’yi va O’rta Osiyo mamlakatlari, Tailand, Singapurda gastrolda bo’lgan. Ijrolari o’nlab gramplastinka va o’zbek radiosi fonotekasiga yozilgan.