O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI, Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston milliy universiteti (O’zMU) — O’zbekistondagi eng yirik oliy o’quv yurti va ilmiy tekshirish markazlaridan biri; O’rta Osiyo va Qozog’istondagi birinchi universitet. 1918 yil Turkiston xalq universiteti sifatida Toshkent shahrida tashkil etilgan. Turkiston xalq universiteti 1920 yildan Turkiston davlat universiteti, 1923 yildan O’rta Osiyo davlat universiteti (SAGU), 1960 yildan Toshkent davlat universiteti (ToshDU) deb nomlangan. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi farmoniga muvofiq, universitetga milliy universitet maqomi berildi va u hozirgi nomi bilan ataldi. 1995 yil Mirzo Ulug’bek nomi berilgan. 1920/21 o’quv yili Turkiston univeristetida tibbiyot, fizikamat., ijtimoiy- iqtisodiy (ijtimoiy fanlar), tarix-filologiya, texnika, qishloq xo’jalik, harbiy fakultetlar bo’lib, ularda 2969 talaba o’qigan. Ishchi va dehqonlarni, ayniqsa, mahalliy millat vakillarini untga kirishga tayyorlash maqsadida uning huzuridagi ishchilar fakulteti muhim rol o’ynadi. universitet yildan-yilga kengayib bordi. 1924 yil ijtimoiy fanlar fakulteti asosida mahalliy xo’jalik va huquq fakulteti tuzildi. Ba’zi fakultetlar birlashtirildi, ayrim fakultetlarda bir qancha bo’lim va kafedralar ochildi. universitet mamlakatda O’rta Osiyo va Qozog’iston uchun kadrlar tayyorlashning asosiy markaziga aylandi. O’zbek ziyolilarining tarkib topishida muhim rol o’ynadi. 20-yillarning 2-yarmidan untda ilmiy tekshirish ishlariga alohida ahamiyat berildi. 1929 yil aspirantura ochildi. Universitet olimlari tomonidan xalq xo’jaligi uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan kashfiyotlar qilindi. Xususan, 1928 yil universitet olimi P.B. Grabovskiy. I.F. Belyanskiy bilan birgalikda elektron nur yordamida harakatdagi tasvirni bir joydan boshqa joyga uzatadigan va qabul qiladigan “radiotelefot” apparatini yaratdilar. 1928 yildan universitet fakultetlari asosida mustaqil tarmoq institutlar, jumladan, O’rta Osiyo paxtachilik instituti, O’rta Osiyo paxtachilik va irrigatsiya politexnika instituti (hozirgi Toshkent irrigasiya va melioratsiya instituti), O’rta Osiyo tibbiyot instituti, Tojikiston qishloq xo’jalik instituti, Tojikiston agronomiya pedagogika instituti, Turkmaniston Zooveterinariya instituti, O’rta Osiyo irrigatsiya muhandislari va texniklari instituti, O’rta Osiyo geologiya qidiruv instituti, O’rta Osiyo industrial instituti (hozirgi Toshkent texnika universiteti), O’rta Osiyo Ipakchilik instituti, O’rta Osiyo Moliya-iqtisod instituti (hozirgi Toshkent iqtisodiyot universiteti) va boshqalar institut hamda ilmiy tekshirish muassasalari tarkib topdi. 1931 yil universitetda biologiya, texnika, fizika-matematika, ishchi fakultetlari ishladi. 1935 yil tarix, tuproqshunoslik geologiya geografiya fakultetlari tashkil topdi. 1938 yil sirtqi bo’lim ochildi. 2-jahon urushi (1939— 45)dan oldingi davrda universitet o’qituvchilar tarkibi uni tugatgan milliy kadrlar (T.N.QoriNiyoziy, T.Z.Zohidov, T.A.Sorimsoqov, O.S.Sodiqov va boshqalar) hisobiga kengaydi. 1941 yil noyabrda O’zDU (hozirgi Samarqand universiteti) SAGUga qo’shildi (1945 yil yana ajralib chiqdi). Filologiya (1942), Sharq (1944), geografiya (1945), geologiya tuproqshunoslik (1945) fakultetlari tashkil etildi. 1943 yil aprelda aspirantura kengaytirilib, doktorantura ochildi. Universitet olimlari 1943 yil O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyaning tashkil topishi va rivojlanishida asosiy rol o’ynadilar. Keyingi yillarda universitet faoliyati yanada kengaydi, o’quv jarayonlari takomillashdi, ilmiy tadqiqotlar yuksaldi. 1991 yil Sharq va yuridik fakultetlari negizida Toshkent sharqshunoslik instituti, Toshkent yuridik instituti tashkil topdi. Untda 14 fakultet (fizika, mexanika-matematika, kimyo, biologiya-tuproqshunoslik, geografiya, geologiya, o’zbek filologiyasi, xorijiy filologiya, jurnalistika, tarix, falsafa, ijtimoiy-siyosiy fanlar, iqtisodiyot, huquqshunoslik), fakultet maqomidagi tillar markazi, tayyorlov bo’limi, 102 kafedra, amaliy fizika ilmiy tekshirish instituti, Oliy pedagogika instituti, amaliy ekologiya va tabiatdan unumli foydalanish ilmiy tekshirish bo’limi, botanika bog’i, 16 ilmiy laboratoriya, milliy qadriyatlar markazi faoliyat ko’rsatadi. Shuningdek, o’quv, o’quv-uslubiy, aspirantura, marketing, ichki nazorat va monitoring, rejamoliya, hisob, kadrlar bo’limlari, magistratura markazi, bosh muhandis xizmati va boshqalar mavjud. Universitetda 3 milliondan ortiq asarga ega 14 ta kutubxona (ulardan 13 tasi fakultelar qoshida) faoliyat ko’rsatadi. Kutubxonada toshbosma va nodir qo’lyozmalar fondi bor. Universitet 34 ta’lim yo’nalishi bo’yicha bakalavrlar, 108 mutaxassislik bo’yicha magistrlar tayyorlaydi. 68 mutaxassislik bo’yicha aspirantura, 20 mutaxassislik bo’yicha doktorantura mavjud. 2005 yil 164 aspirant, 16 doktorant, 127 tadqiqotchi ilmiy tekshirish olib bordi, 14 ixtisoslashgan kengash (9 doktorlik va 5 nomzodlik) 30 mutaxassislik bo’yicha faoliyat ko’rsatadi. 2004/05 o’quv yili untda 10250 talaba ta’lim oldi, 1059 professor-o’qituvchi, jumladan, 136 fan doktori va professor, 387 fan nomzodi va dotsent ishladi. universitet professor o’qituvchilari orasida O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari (A.A.Abduvahobov, J.A. Azimov, T.A.Azlarov, Sh.A.Alimov, Sh.A.Ayupov, T.N.Dolimov, T.J.Jo’rayev, T.S.Yo’ldoshboyev, A.T.Mamadalimov, J.A.Musayev, M.M.Musaxonov, A.R.Muhammadjonov, T.M. Mo’minov, N.A.Parpiyev, S.Sh.Rashidova, M.Salohiddinov, Sh.I.Solihov, N.Yu.Sotimov, B.O.Toshmuhamedov, S.Sh.Shermuhamedov va boshqalar) bor. Universitetda muhim fan tarmoqlari bo’yicha ilmiy maktab va yo’nalishlar yaratildi. Xususan, universitet olimlarining matematika va mexanika (V.I.Romanovskiy, T.A. Sarimsoqov, S.H. Sirojiddinov, Sh.Q. Farmonov, T.A.Azlarov, M.S. Salohiddinov, Sh.A. Ayupov, Sh.O.Alimov, M.T.O’rozboyev, A.Begmatov), fizika (S.V.Starodubtsev, O. Xolmuhamedov, Sh.Otajonov, S.U. Umarov, R.X.Mallin, kimyo (O.S.Sodiqov, R.Tillayev, K.S.Ahmedov, O’.N.Musayev, S.Sh.Rashidova, Sh.T.Tolipov), biologiya (E.P.Korovin, T.Z.Zohidov, A.T.To’laganov, A.Vahobov), tuproqshunoslik va agrokimyo (S.N.Rijov, X.A.Abdullaev), biokimyo va biofizika (yo.X.To’raqulov), baland tog’larni o’zlashtirish (I.A.Raykova), genetika (Ja.Musaev), geologiya (A.S.Uklonskiy, O.I.Islomov, T.N.Dolimov), Geografiya (L.N.Korjenevskiy, A.Soliyev, Z.M.Akramov, H. H. Hasanov), falsafa (A.T. Ayupov, K.S.Sodiqov, E.Yusupov, S. Shermuhamedov, J.M.Boboev, I.Rahimov), tarix (V.V.Bartold, A.A.Semyonov), huquqshunoslik (H. S.Sulaymonova, O.E.Eshonov, Sh.Z.O’razayev), sharqshunoslik (Sh.Shomuhamedov), Filologiya (G’.K.Karimov, O.Sharafiddinov, S.D. Dolimov, A.G’.G’ulomov, L.P.Qayumov, B.Qosimov, U.Normatov, A.Abduazizov, Sh.Rahmatullayev), psixologiya (E.G’oziyev), sotsiologiya (N.Aliqoriyev) sohasidagi tadqiqotlari mashhur. Universitet tashkil topgandan beri 110 mingdan ortiq mutaxassis tayyorlandi (2005). Universitetda taniqli shoir va yozuvchilardan Oybek, M.Avezov, A.Qahhor, A.Muxtor, P.Qodirov, O.Yoqubov, O’. Hoshimov, O’zbekiston Qahramonlari O.Sharafiddinov, A.Oripov, E.Vohidov va boshqalar o’qigan. Universitetda “O’zMU xabarlari” jurnali (1997) va “Milliy universitet” gazetasi (1918) chiqadi. Universitet o’z bosmaxonasiga ega bo’lib, unda har yili prof,o’qituvchilarning 100 dan ortiq ilmiy asar va o’quv metodik adabiyotlari nashr etiladi.