“O’ZBEKISTON” NASHRIYOT-MATBAA IJODIY UYI

“O’ZBEKISTON” NASHRIYOT-MATBAA IJODIY UYI — O’zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi tizimidagi muassasa. 1925 yilda O’rta Osiyo Davlat nashriyoti negizida O’zbekiston Davlat nashriyoti (O’zdavnashr) nomi bilan tashkil etilgan. Respublikada 30-yillarning 2-yarmiga qadar barcha turdagi adabiyotlar O’zdavnashrda chop qilingan. 2-jahon urushi yillari respublikadagi mustaqil nashriyotlar O’zdavnashrga birlashtirilgan, matbaa korxonalari, kitob savdosi ishlari ham uning ixtiyoriga berilgan. O’zdavnashr bo’limlari negizida “O’qituvchi” (1949), Davlat badiiy adabiyot nashriyoti (1957), “Meditsina” (1958), “Yosh gvardiya” (1960) nashriyotlari tashkil etilgan. 1964 yildan O’zdavnashr “O’zbekiston” nashriyoti deb atala boshlagan. 2004 yilda “O’zbekiston”, “Mehnat”, “O’zblanknashr” nashriyotlari, Toshkent matbaa kombinati birlashtirilib, “O’zbekiston” nashriyot-matbba ijodiyot uyiga aylantirildi. Uning tarkibiga bolalar nashrlari: “Gulxan”, “G’uncha” jurnallari, “Tong yulduzi”, “Klass!” gazetalari, “Sog’lom avlod”, “zerkalo XXI veka” gazetalari tahririyatlari kiritildi. “O’zbekiston” nashriyot-matbba ijodiyot uyi O’zbekiston Respublikasi qonunlarini, Respublika hukumati qarorlarini va boshqalar rasmiy materiallarni, turli me’yoriy hujjatlarni nashrga tayyorlab, chop etadi. Shuningdek, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, yuridik adabiyotlarni, oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlari, akademik litseylar hamda kasb-hunar kollejlari uchun darsliklar, o’quv va metodik qo’llanmalar hamda boshqa adabiyotlarni nashr qiladi. Ta’lim o’zbek, rus, tojik, turkman, qirg’iz va qozoq tillarida olib boriladigan umumta’lim maktablari uchun darsliklar chiqaradi. O’zbek, qardosh va xorijiy tillarda ilmiy-ommabop, badiiy adabiyotlar, ma’lumotnomalar, lug’atlar, tasviriy san’at mahsulotlari, fotoalbomlar, bukletlar, prospektlar, kalendarlar, plakatlar, ko’rgazmali qurollar, gazeta-jurnallar, shuningdek, xalq iste’moli mollari bosma mahsulotlari, idora hujjatlari, sinf jurnallari, dasturlar, turli ish qog’ozlari (blanklar)ni ham chop etadi. So’nggi yillarda “O’zbekiston” nashriyot-matbba ijodiyot uyi Respublika Prezidenti I. Karimov asarlarining 12 jildini (o’zbek va rus tillarida), oliy o’quv yurtlari talabalari uchun Yo. To’raqulovning “Bioximiya”, T.A.Sarimsoqovning “Haqiqiy o’zgaruvchining funktsiyalari nazariyasi”, Z. Salimovning “Kimyoviy texnologiyaning asosiy jarayonlari va qurilmalari”ning 1 va 2 jildlari, M.Salohiddinovning “Matematik Fizika tenglamalari”, N.A.Parpiyevning “Anorganik kimyo”, T. Jo’rayev va boshqalarning “Oliy matematika asoslari” kabi fundamental darsliklarni, bank tizimi faoliyati bilan bog’liq ko’p jildli me’yoriy hujjatlar to’plamlarini nashr etdi. “O’zbekiston” nashriyot-matbba ijodiyot uyi aholiga, tashkilot hamda muassasalarga noshirlikmatbaa xizmatini ko’rsatadi. Bosmaxonasida 2003 yilda zamonaviy rangli gaz.etalarni chop etish tsexi ishga tushirildi. Hozirgi kunda (2005) bu tsexda 20 dan ortiq gazeta va jurnallar chop etilmoqda. Ularning bir gallik tiraji 500 ming nusxani tashkil etadi. “O’zbekiston” nashriyot-matbba ijodiyot uyi 2004 yilda 1737 bosma taboq hajmida, 6 million 380 ming nusxada kitob, gazeta, jurnal va boshqalar bosma mahsulotlarni chop etdi. Shomuhiddin Mansurov.