O'zbekiston qahramoni unvoni

“O’ZBEKISTON QAHRAMONI”

“O’ZBEKISTON QAHRAMONI” — O’zbekistonning oliy darajadagi unvoni. 1994 yil 5 mayda ta’sis etilgan. O’zbekiston Respublikasining fuqarolariga davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat ko’rsatish bilan bog’liq xizmatlari uchun beriladi. Unvon ayrim hollarda O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lmagan shaxslarga ham berilishi mumkin. Bu unvon O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.
Unvonni berish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, O’zbekiston Respublikasi Oliy xo’jalik sudining raisi, O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralar rahbarlarining hamda jamoat birlashmalari respublika organlarining takdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
“O’zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxsga oliy nishon — “Oltin Yulduz” medali va unvon berilganligi to’g’risidagi hujjat topshiriladi. “O’zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxslar oylik ish haqiga yoki pensiyaga qo’shimcha ravishda eng kam oylik ish haqi miqdorida oy sayin to’lanadigan ustama mukofot oladilar, qonun hujjatlarida belgilab qo’yilgan imtiyozlardan foydalanadilar.
“Oltin Yulduz” medali 750 darajali (probali) oltin qotishmasidan tayyorlanadi va old tomonida har bir qirrasining ikki yonbag’ridan oltin nurlar taralgan sakkiz qirrali yulduz shaklida bo’ladi, og’irligi 12,5 gramm. “Oltin Yulduz” medali ko’krakning chap tomoniga orden va medallardan yuqoriroqqa taqiladi.
“O’zbekiston Qahramoni” faqat bir marta beriladi.
“O’zbekiston Qahramoni” unvoni vafotidan keyin berilgan taqdirda “Oltin Yulduz” medali va unvon berilganligi to’g’risidagi hujjat mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
“O’zbekiston qahramoni” unvoni va “Oltin Yulduz” medali bilan 55 kishi taqdirlangan (2005).

Shuningdek o’qing: O’ZBEKISTON SHOSHILINCH TIBBIY YORDAM MARKAZI