O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASINING ASOSIY KUTUBXONASI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASINING ASOSIY KUTUBXONASI — Respublikadagi yirik kutubxonalardan biri. 1933 yil Toshkent shahrida O’zbekiston Fan qo’mitasi tarkibida tashkil etilgan. 1943 yil O’zbekiston Fanlar Akademiyasi tarkibiga kirgan. 1964 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi kutubxonalari tizimi markazlashtirilib, 24 ta (2005 yilda 27 ta) ilmiy tekshirish intlarining kutubxonalari birlashtirildi. 1983 yildan maxsus qurilgan binoda. Fondida 3,6 milliondan ortiq asar saqlanadi (2005), shundan 698,2 mingdan ziyod nusxasi chet el nashrlaridir, shuningdek, 70 dan ortiq Sddisk ma’lumotlar bazasiga ega. 20 mingdan ortiq kitobxonga xizmat ko’rsatadi. Kutubxona fondi nodir asarlarga boy: O’zbekiston Fanlar Akademiyasi tizimidagi birgina Sharqshunoslik instituti kutubxonasida 60 mingga yaqin noyob qo’lyozmalar bor; fan va texnika sohasidagi nodir qadimiy nashrlar alohida jamlangan [A.P.Fedchenkoning “Qo’qondan. 1871 yildagi Qo’qon xonligi bo’ylab qilingan sayohatlar haqida” (1871); Klavixoning “1403-1406 yillarda Klavixoning Amir Temur saroyiga Samarqandga qilgan sayohati kundaligi” (1881); O’rta Osiyo tadqiqotchisi B.A.Fedchenkoning kutubxonasi katta qimmatga ega], shuningdek O’zbekiston olimlarining dissertatsiya va avtoreferatlari ham to’plangan. Kutubxonaning asosiy vazifasi — O’zbekiston Fanlar Akademiyasi institutlari va boshqalar ilmiy tekshirish muassasalari hodimlarini zarur adabiyot va axborot-bibliografiya xizmati bilan ta’minlash. Kutubxona Respublika yagona axborot-ma’lumotnoma fondining a’zosi, unga tabiiy fanlar bo’yicha depozitariy vazifasi Yuklangan, kutubxonalararo abonement (KAA)ning markazi, kutubxonalarning chet el nashrlari bilan to’ldirishning bosh kutubxonasi hamda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi kutubxonalar tarmog’ining uslubiy Markazidir. Kitobxonlar guruhiga yagona kitob fondi yordamida axborot-kutubxonachilik xizmati ko’rsatiladi. Kutubxonada quyidagi bo’limlar bor: rahbariyat, kutubxonashunoslik, kitoblarni to’plash va kutubxonalararo ularni ayirboshlash; chet el nashrlari, xalqaro kitob ayirboshlash, kitobxonlarga xizmat ko’rsatish, adabiyotlarga ilmiy ishlov berish, ilmiy bibliografiya, kitob fondi va adabiyotlarni saqlash, ilmiyuslubiy ishlar; shuningdek nusxa ko’chirish va ko’paytirish markazlashgan bo’limi mavjud. Kutubxona fondi alifboli, tizimli, predmetli, yangi xorijiy kitoblar, chet el vaqtli matbuoti kabi kataloglar tizimi yordamida yoritiladi. Chet el adabiyotlari markazlashgan tartibda sotib olinadi hamda xalqaro kitob ayirboshlash orqali keltiriladi, ba’zi chet el nashrlari mikrofilm tarzida olinadi. So’nggi yillarda chet ellardagi 147 hamkorlari bilan kitob almashadi. 1994 yildan kutubxona yangi texnologiyalar bilan jihozlanadi: mahalliy kompyuter tarmog’i o’rnatildi; 1995 yildan yangi olingan adabiyotlarning elektron katalogi shakllana boshladi; avtomatlashtirilgan kutubxona dasturi “Irbis” o’rnatildi (1998); avtomatlashtirilgan Kutubxona modeli va o’quv markazi ishga tushdi (2000) va boshqalar. Kitobxonlar talabini tez va to’la qoshshrish maqsadida kutubxona turli xizmat shakllaridan foydalanadi; ko’zgarmalar zalida kitobxonlar yangi olingan adabiyotlar bilan tanishtirib boriladi va zarur axborotlar bilan ta’minlanadi, unda kutubxonaga kelib tushgan mahalliy, chet el nashrlari ma’lum vaqt mobaynida namoyish etiladi. Kutubxonaning o’quv kurslarida kutubxona xodimlariga metodik yordam berish, yangi texnologiyalarni ish jarayonlariga tatbiq etish, malaka oshirish ishlari muntazam olib boriladi. “Yangi adabiyotlar axborot byulleteni”, “O’zbekiston olimlari” turkumida biobibliografiya va bibliografik ko’rsatkichlarni nashr etadi. Kutubxona turli tarixiy voqealar, sanalarga bag’ishlab ko’rgazmalar tashkil etadi, adabiyotlar targ’ibotining an’anaviy va noan’anaviy shakl va uslublarini qo’llaydi, uyushtirilgan ko’rgazmalar uchun ko’rsatkichlar nashr etadi.