O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI — O’zbekiston parlamenti, oliy davlat vakillik, qonun chiqaruvchi organi. Dastlab bir palatali parlament sifatida tashkil etilgan va fuqarolarning umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida shakllantirilgan. 1 chaqiriq Oliy Majlis ko’p partiyalilik asosda 3 turda — 1994 yil 25 dekabr, 1995 yil 8 va 22 yanvarda bo’lib o’tgan saylovlarda saylangan va 1995-99 yillarda faoliyat ko’rsatgan. 2-chaqiriq Oliy Majlisga saylovlar 1999 yil 5 va 19 dekabrda bo’lib o’tgan va u 2000— 2004 yillarda faoliyat ko’rsatgan. Bir palatali parlament 250 deputatdan iborat bo’lib, u ishlagan davrda 10 ta kodeks, ikkita milliy dastur, 240 ta qonun, 468 ta qaror qabul qilingan, qonun hujjatlariga 1573 ta qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritilgan. Bu yillarda parlament, o’z konstitutsiyaviy vakolatlariga asoslanib, demokratik jamiyatning huquqiy asoslarini shakllantirish, bozor iqtisodiyoti printsiplarini rivojlantirish bo’yicha muayyan ishlarni amalga oshirdi. Qonunchilik, davlat boshqaruvi, o’tish davri muammolarini yechishda muayyan tajribaga ega bo’ldi. 2002 yil: 27 yanvarda o’tkazilgan referendumda ikki palatali parlamentni tuzish masalasi O’zbekiston xalqi tomonidan qo’llab-quvvatlandi. 2004 yil 26 dekabr va 2005 yil 9 yanvarda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, 2005 yil 17-20 yanvarda Oliy Majlis Senatiga saylovlar bo’lib o’tdi va Oliy Majlis 2 palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senat (yuqori palata)dan iborat qilib shakllantirildi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi faoliyatining huquqiy asosini O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy printsiplari to’g’risida” (2002 yil 4 aprel), “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik Palatasi to’g’risida” (2002 yil 12 dekabr), “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to’g’risida” (2002 yil 12 dekabr)gi Konstitutsiyaviy qonunlar, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to’g’risida” (2003 yil 29 avgust), “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to’g’risida” (2003 yil 29 avgust) kabi qonunlar tashkil etadi. O’zbekiston Respublikasining Qonunchilik palatasi hududiy, bir mandatli saylov okruglari bo’yicha ko’p partiyalilik asosida saylanadigan 120 deputatdan iborat. Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy, teng va to’g’ridan- to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan saylanadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik Palatasi bo’lib, Senat a’zolari (senatorlar)dan tarkib topadi. Senat a’zolari Qorakalpog’isgon Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — 6 kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo’shma majlislarida mazqur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. Senatning 16 nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo’lgan hamda alohida xizmat ko’rsatgan eng obro’li fuqarolar orasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Har ikkala palataning vakolat muddati — 5 yil. Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga 25 yoshga to’lgan hamda kamida 5 yil O’zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadirlar. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining, viloyat, tuman, shahar davlat hokimiyati vakillik organining 25 yoshga to’lgan hamda kamida 5 yil O’zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat a’zoligiga saylanish uchun nomzod bo’lishi mumkin. O’zbekiston parlamenti keng, ko’p qirrali vakolatlarga ega. U hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo’linish printsipiga asoslanib, davlatning boshqa idoralari bilan hamkorlik qilib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Qonunchilik, davlat boshqaruvining muhim masalalarini ko’rib chiqishda va hal etishda ishtirok etadi, davlat byudjetini tasdiqlaydi, parlament nazoratini amalga oshiradi hamda qator davlat organlarini shakllantirishda qatnashadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati o’z vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Qonunchilik palatasi tarkibida quyidagi deputatlar fraktsiyalari: O’zbekiston Liberal demokratik partiyasi deputatlar fraktsiyasi, O’zbekiston Fidokorlar milliy demokratik partiyasi deputatlar fraktsiyasi, O’zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi deputatlar fraktsiyasi (bu uchchala fraktsiya “demokratik blok”ka birlashgan), O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlar fraktsiyasi, O’zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi deputatlar fraktsiyasi faoliyat olib borayapti. Qonunchilik palatasi deputatlari professional, doimiy asosda ishlaydi. Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlarning soni senatorlar umumiy sonining 1/4 igacha bo’lgan miqdorda belgilangan. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Spiker va uning o’rinbosarlarini, Oliy Majlisning Senati esa Senat raisi va uning o’rinbosarlarini saylaydi. Parlamentning Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida o’tkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning 1 ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish quniga qadar o’tkaziladi. Senat majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida 3 marta o’tkaziladi. Qonunchilik palatasi va Senat majlislarida, shuningdek, ularning organlari majlislarida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh Vazir, Vazirlar Mahkamasining a’zolari, respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo’jalik sudi raislari, Bosh prokurori, Markaziy bank boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat raisi, Senat va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi spikeri ishtirok etishi mumkin. Qonunchilik palatasi va Senat alohida-alohida majlis o’tkazadilar. Qonunchilik palatasi va Senatning qo’shma majlislari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, mamlakat ijtimoiy- iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq so’zlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq so’zlaganda o’tkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qo’shma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham o’tkazilishi mumkin. Parlamentning Qonunchilik Palatasi va Senati faoliyatini samarali tashkil etish, qo’mitalar ishini muvofiqlashtirib borish, kun tartibi bo’yicha takliflar tayyorlash, qonunlarni dastlabki tarzda ko’rib chiqishni tashkil etish maqsadida ularning tarkibida Kengashlar tuziladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi o’z vakolatlari muddatiga tegishincha deputatlar va Senatorlar orasidan qo’mitalarni saylaydi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo’mitalari (2005) Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo’mitasi; Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo’mitasi; Mehnat va ijtimoiy masalalar qo’mitasi; Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo’mitasi; Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo’mitasi; Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo’mitasi; Agrar, suv xo’jaligi masalalari va ekologiya qo’mitasi; Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo’mitasi; Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasi; Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo’mitasi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo’mitalari (2005) Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo’mitasi; Qonunchilik va sudhuquq masalalari qo’mitasi; Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo’mitasi; Tashqi siyosat masalalari qo’mitasi; Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo’mitasi; Agrar, suv xo’jaligi masalalari va ekologiya qo’mitasi. Qonun loyihasi Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo’lgan sub’yektlar tomonidan dastlab Qonunchilik palatasiga kiritiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senatga yuboriladi. Senat esa qonunni ma’qullash yoki rad etish to’g’risida qaror qabul qiladi. Agar qonun loyihasi Senat tomonidan rad etilsa, u Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Parlamentning yuqori va quyi palatalari o’rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida kelishuv komissiyasi tuzishi mumkin. Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan qonun 10 kun ichida Prezidentga imzolash uchun yuboriladi. Prezidentning qonunni imzolash muddati 30 kun etib belgilangan. Respublika Prezidenti qaytadan muhokama qilish va ovoz berishni o’tkazish uchun qonunni o’z e’tirozlari bilan parlamentga qaytarishga haqli. Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda Oliy Majlisning ikkala palatasida ham uchdan ikki qismdan iborat ko’pchilik ovoz bilan ma’qullansa, qonun Prezident tomonidan 14 kun ichida imzolanishi kerak. Qonun belgilangan tartibda e’lon qilinishi lozim. Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatda doimiy asosda ishlovchi Senat a’zolari o’z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to’lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug’ullanishlari mumkin emas. Qonunchilik palatasi deputati va Senat a’zolari daxlsizlik huquqidan foydalanadilar. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining nashrlari: “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”, “Xalq so’zi” — “Narodnoye slovo” gazetalari. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi parlamentlararo hamkorlikni keng yo’lga qo’ygan. MDH davlatlari va boshqa rivojlangan xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan shartnomalar tuzilgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Yevropa Ittifoqi Komissiyasining “O’zbekistonda demokratiyalashtirish jarayonining rivojlanishiga ko’maklashish” va “O’zbekistonda demokratik islohotlarni yanada kuchaytirish” loyihalari muvaffaqiyatli bajarildi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Toshkent shahrining xalklar do’stligi Prospektidagi binoda, Senat esa Mustaqillik maydonidagi binoda ish olib boradi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi binosi mujassamoti yechimida me’mor ma’muriy jamoat binolariga xos mumtoz uslubdan foydalangan. Bino tarhi murabba shaklida (86×86 metr), ustunlar qatori bilan qamrab olingan, ustunlar boshasiga barglar guldastasi ishlangan. Bino tarhlari tilla rang yaxlit oynalar bilan qoplangan, oynavand devor tepadan pastga tushguncha 3 marta ichkariga kiritilib o’ziga xos ko’rinish kasb etgan. Bino Feruza rang gumbaz (balandligi 11,5 metr, diametri 34,5 metr) bilan yopilgan, gumbaz ustiga an’anaviy tojsimon oynavand tuynuk ishlangan. Bino atrofidagi oq ustunlar Feruza gumbaz hamda tilla rang oynalar bilan uyg’unlikda binoga ko’rkamlik, salobat baxsh etgan. Binoning 500 o’rinli majlislar zali aylana shaklidagi amfiteatr uslubida hal etilgan (Prezidium va notiqlar minbari ham bo’linmalarning biriga joylashtirilgan), zalning Galereyali 2 yarusidan mehmonlar va ommaviy axborot vakillariga joy ajratilgan. 1,2 va 3 qavatlarda ish xonalari, parlament guruhlarining majlislari uchun kichik zallar joylashgan. Bino ichki bezaklarida yog’och o’ymakorligi (S. Rahmatullayev, H. Odilov, H. G’aniyev, M. Ibrohimova), ganchkorlik (M. Sultonov, Mirvohid Usmonov, A.Po’latov, M. Qosimov va boshqalar), naqqoshlik (X. Nuraliyev, Z. Boltaboyev va boshqalar)dan mahorat bilan foydalanilgan (ayniqsa, gumbaz osti naqshlari jozibador), miniatyura rasmlar bilan ziynatlangan (G’. Kamolov, X. Nazarov, F. Rahmatullayev). O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining binosi — 2005 yil; sobiq Hukumat uyi binosi o’rnida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan bunyod etildi. Bino 3 qismdan tashkil topgan: Markaziy kirish qismi va uning ikki yonidagi o’ng va chap qanotlardan iborat, 4 qavatli qilib qurilgan, shuningdek yer osti qavatiga ham ega. Markaziy qismi hashamatli 4 ta ustunda joylashgan 3 ta ichki gumbazli peshtoqdan tashkil topgan, peshtoq orqali keng va yorug’miyonsaroy (Vestibyul)ga kiriladi, miyonsaroy aylana shaklidagi salobatli majlislar zali bilan bog’langan. Miyonsaroyning tepasidagi qavatda kichik majlislar zallari joylashgan. Binoning chap qanotida senatorlar ish xonalari, qabulxonalar, Konstitutsion sud ishchi xonalari hamda hisob palatasi ishxonalari va zallari joylashgan. Binoning o’ng qanotini senatorlarning ishxonalari, saqlanib qolgan va ta’mirlangan “Bahor” kontsert zali uchun mashq zallari va boshqalar qo’shimcha xonalar egallagan. Binoning ichki va tashqi pardozlarida mahalliy va zamonaviy ashyolardan tayyorlangan milliy me’moriy bezaklar ishlatilgan. Ichki bezaklarda ganchkorlik (M. Usmonov, A. Po’latov, X.Azizov va boshqalar), naqqoshlik (A.Karimov va boshqalar), toshtaroshlik (haykaltarosh R. Buzrukov va boshqalar) mahorat bilan qo’llanilgan; namoyondalar (V.I.Burmakin, R.Xudoyberganov va boshqalar), gobelen (A. Ikromjonov eskizi) va boshqalar bilan ziynatlangan. Bino Mustaqillik maydonidagi inshootlar va ko’kalamzorlar, favvoralar bilan ajoyib uyg’unlikda, anhor bo’yiga tutashgan tomonidagi hududda so’lim maskan hosil qilingan.