“O’ZBEKISTON TIBBIYOT JURNALI”
“O’ZBEKISTON TIBBIYOT JURNALI” — O’zbekiston tibbiyot xodimlarining ilmiy-amaliy jurnali. Muassisi: O’zbekiston Respublikasi sog’liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi sog’liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog’liqni saqlash bo’limlari, Toshkent shahri sog’liqni saqlash bosh boshqarmasi. Toshkent shahrida 1 yil da 6 marta o’zbek va rus tillarida nashr qilinadi. Dastlab “Turkiston tibbiyot jurnali”, “O’rta Osiyo tibbiyot jurnali” nomlari bilan chop etilgan (1922-25); 1926 yildan hozirgi nomda. 1941-53 yillarda vaqtincha to’xtatilgan. Jurnalning asosiy vazifasi O’zbekistonda sog’liqni saqlash tizimidagi islohotlarni, ilmiy-amaliy yutuqlarni targ’ib qilish, epidemiologiya, sanitariya, ekologiya, farmatsevtika, dorishunoslik masalalari hamda sog’lom turmush tarzini yoritish. Jurnali sahifalarida mustaqillik yillarida tibbiyot sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, qo’lga kiritilgan yutuqlar, O’zbekistonda qabul qilinayotgan sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturiga oid materiallar asosiy o’rin egallaydi. Unda tibbiyot, sog’liqni saqlash muammolari, shuningdek, chet el olimlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan izlanishlar samarasi haqida maqolalar berib boriladi. Adadi 2200 (2005). Bosh muharriri O’zbekiston sog’liqni saqlash vaziri, profesor F.G’.Nazirov (2000 yildan).