O’ZBEKISTON XALQ DEMOKRATIK PARTIYASI

O’ZBEKISTON XALQ DEMOKRATIK PARTIYASI (O’zbekiston XDP) — O’zbekistondagi siyosiy partiyalardan biri. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1991 yil 15 noyabrda ro’yxatga olingan. 2005 yil iyulda partiyaning yangi dasturi, 2004 yil noyabrda yangi tahrirdagi Ustavi tasdiqlandi. O’zbekiston XDP har bir oila, mehnat kishisining millati, dini, e’tiqodi, ijtimoiy ahvoli va kelib chiqishidan qat’i nazar, moddiy va ma’naviy farovon hayot kechirishi uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va insoniy erkinliklarini kafolatlash, sha’ni, qadr-qimmati, tinchligini ta’minlashni o’z vazifasi deb biladi. Partiya mamlakatimiz aholisining ijtimoiy muhofazaga muhtoj tabaqalari manfaatlarini ifoda etadi va himoya qiladi. O’zbekiston XDPning oliy organi — 5 yilda 1 marta chaqiriladigan qurultoy. Unda partiya Markaziy kengashi va Markaziy taftish komissiyasi saylanadi. Markaziy kengash plenumi (yangi tahrirdagi Ustavga muvofiq, MK raisi va rais o’rinbosarlari) hamda joriy ishlarga rahbarlik qiluvchi Siyosiy ijroiya qo’mita saylanadi. O’zbekiston XDP Markaziy kengashi 1kotiblari: M.Rasulov (1991-94), A.Jalolov (19942004); Markaziy Kengash raislari: A. Rustamov (2004-2005), L.G’ulomov (2005 yil iyuldan). O’zbekiston XDP tarkibida Qoraqalpog’iston Respublikasi, 12 ta viloyat, Toshkent shahri, 171 ta tuman va 29 shahar kengashlari, 13730 ta boshlang’ich tashkilot mavjud. Partiyaning 585196 nafar a’zosi bor (2005 yil 1 yanvar). O’zbekiston XDP faoliyatining asosiy yo’nalishi parlamentchilik ishidir. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida uning 27 nafar deputatni birlashtiruvchi fraktsiyasi mavjud. Fraktsiya 2005 yil 14 fevraldagi yig’ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchta siyosiy partiya fraktsiyalaridan iborat ko’pchilikni tashkil etuvchi “Demokratik blok” tuzilganligi munosabati bilan o’zining parlament quyi palatasidagi faoliyatini muxolifatdagi parlament ozchiligi sifatida amalga oshirishini e’lon qildi. O’zbekiston XDPning Markaziy nashrlari: “O’zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari, “Muloqot” jurnali. Sobir Kurbonov.