“O’ZBEKNAVO”

“O’ZBEKNAVO”, “O’zbeknavo” estrada birlashmasi — respublikada estrada san’ati sohasida faoliyat yurituvchi tashkilot. 1996 yil O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufida O’zbek davlat estrada birlashmasi hamda O’zbek davlat filarmoniyasi negizida “O’zbeknavo” gastrol kontsert birlashmasi nomi bilan tashkil etilgan. 2001 yildan hozirgi nomda. Asosiy vazifasi O’zbekiston estrada san’atini rivojlantirish, estrada jamoalari, yakka ijrochilar faoliyatini muvofiqlashtirish va takomillashtirish, ularning ijodiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish, respublika hududida va uning tashqarisida gastrolkontsert faoliyatini amalga oshirish, yakka ijrochilar va estrada guruhlarining faoliyat yuritishi uchun litsenziyalar berish, estrada sohasida axborot ma’lumotlar bazasini yara- tish, monitoring o’tkazish va boshqalar “O’zbeknavo” respublikada o’tkaziladigan milliy bayramlar, yubiley tantanalari va boshqalar rasmiy davlat tadbirlariga mas’ul bo’lib, ular uchun maxsus shou-dasturlar, tomosha, kontsertlarni tayyorlaydi. Yosh iqtidorli san’atkorlarni rag’batlantirish maqsadida Ma’murjon Uzoqov va Jo’raxon Sultonov nomidagi (Marg’ilon), Hoji Abdulaziz Abdurasulov nomidagi (Samarqand), Komiljon Otaniyozov nomidagi (Xorazm), F. Mamadaliyev va O.Yusupov nomidagi (Andijon) an’anaviy xonandalik tanlovi, “Asrlar navosi” ko’hna milliy sozlar ijrochilari (Buxoro), “Yangi taronalar” hamda “Aziz ona yurtim navolari” milliy estrada-musiqa tanlovlari va boshqalarni o’tkazadi. “O’zbeknavo” birlashmasining Qoraqalpog’iston Respublikasi hamda barcha viloyatlarda bo’limlari mavjud. Yo’ldosh Norbo’tayev.