O’ZBO’Y
O’ZBO’Y (Uzbo’y, G’arbiy O’zbo’y) — Turkmanistonning shimoli g’arbidagi cho’lda joylashgan qadimiy daryo vodiysi. Sariqamish cho’kmasining Janub chekkasidan boshlanib Kaspiy dengizining bolxon qo’ltig’igacha cho’zilgan. Unda sho’rxok, botiq va ko’llar ko’p. Vodiyning tubida shakllangan eski o’zan meandrlar hosil qilgan. Shimoli g’arbda Qoraqum cho’liga tutashgan. O’zbo’yning uzunligi 550 kilometr, barcha tirsaklari bilan 775 kilometr. Eni har yerda har xil. Ba’zi joylarining eni 4-6 kilometr, chuqurligi 20-30 metr. Ayrim joylarda vodiy 100— 200 metrgacha torayib, yon bag’irlari tik tushgan dara ko’rinishida. Bunday joylarda uning chuqurligi 40-50 metr. O’zbo’yning chap qirg’oq tomoni qadimiy (pliosen va quyi to’rtlamchi davr) Amudaryoning qumgilli yotqiziqlari ustida shakllangan pastqam Qoraqumga to’g’ri keladi. O’ng qirg’oq tomoni esa bu jihatdan murakkabroq tuzilgan. Bu yerda oqim bo’ylab, o’zining geologik va relef tuzilishi bilan farqlanadigan Qoplonqir, Uchtaganqum, Chilo’ngqir, Takajik, Chilmamedqum kabi hududlar bor. Ulardan Janubi g’arbda O’zbo’y Katta Bolxon va kichik Bolxon tizmalari oralig’idagi Bolxon yo’lagidan o’tadi va Kelkor sho’rxogiga kelib tutashadi. Bu sho’rxoklik Oqtom quruq o’zani orqali Kaspiy dengizining Bolxon qo’ltig’i o’rnida hosil bo’lgan sho’rxoklar bilan qo’shilib ketadi. Vodiyning o’zani Sariqamish botig’idan Kaspiy dengizi tomon 75 metrga pasayadi. O’zbo’y qadimda daryo o’zani bo’lib, unda Amudaryo suvining bir qismi oqib turgan. O’zanda pog’onalar — eski sharsharalarning qoldiqlari bor; o’zan bo’ylab terrasa (qo’hna qayir) lar cho’zilgan. O’zbo’yda saksovul, ko’llar yaqinida yulg’un, qamish o’sadi. Yasxan ko’li atrofida yirik chuchuk yer osti suvi havzasi topilgan, undan Bolxonobod (avvalgi Nebitdog’) ga suv quvuri o’tkazilgan. Antik davr (Gerodot) va o’rta asr mualliflari (Muqaddasiy, Hamdallah Qazviniy, Hofizi Abru, Abulg’oziy) O’zbo’yni Amudaryoning Kaspiy dengiziga quyiladigan tarmog’i deb hisoblaganlar. 19-asr oxiri — 20-asr boshlari va 2-yarmida O’zbo’yning paydo bo’lishi masalasi bilan geograf, geolog va tarixchilar shug’ullanganlar (V.V.Bartold, A.S. Kes, S.P.Tolstov va boshqalar). 1947, 1950 — 54, 56 yillarda O’zbo’yning arxeologiyasi o’rganilgan. Miloddan avvalgi 4-ming yillikdan 1-ming yillikning 1-yarmigacha O’zbo’y bo’ylab Sariqamish ko’li orqali Kaspiy dengiziga suv oqqanligi aniqlangan. Arxeologik tekshirishlar natijasida O’zbo’y qirg’oqlaridan ko’plab neolit manzilgohlari, bronza davriga xos spool idishlar, shuningdek, miloddan avvalgi 7-5-asrlarga oid manzilgohlar topilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning o’rtalarida O’zbo’y bo’ylab suv oqmay qo’ygan. Arxeologik va tarixiy ma’lumotlar o’rta asrlarda ham O’zbo’yda 2-3 marta, garchi qisqa muddatli bo’lsa ham, suv oqqanligidan darak beradi. 10-13-asrlarda O’zbo’yda Xorazmdan Xurosonga o’tgan karvon yo’li va ko’p karvonsaroylar, sardobalar bo’lgan. O’rta Osiyoning cho’lli hududlarida faqatgina qisqa davr mobaynida suv oqqan yoki umuman suv oqimi to’xtagan quruq o’zanlar ham O’zbo’y deb ataladi. L.L. Tolstov S.P., Po drevnim deltam Oksa vayaksarta, M., 1962; Kes A. S., Ruslo Uzboy i ego genezis (“tr. Inta Geografii an SSSR”, M.L., 1939, t.30). Shuhrat Zokirov.
O’ZBO’Y — qattiq jala quyganda va bahor faslida qor tez eriganda suv bo’ladigan o’zan, soy, vodiy, bo’ylama pastlik. Toponimlar tarkibida ham uchraydi: Kalif o’zbo’yi, O’zbo’y.