O’ZGARMAS TOK MASHINASI
O’ZGARMAS TOK MASHINASI — mexanik energiyani o’zgarmas tok elektr energiyasiga (generator) yoki o’zgarmas tok elektr energiyasini mexanik energiyaga (dvigatel) aylantirib beradigan elektr mashina. Ham generator, ham dvigatel sifatida ishlashi mumkin. Generatorning ishi elektromagnit induktsiya hodisasiga, dvigatelning ishi tokli o’tkazgichning magnit maydoni bilan o’zaro ta’sirlashishiga asoslangan; unda elektromagnit aylantiruvchi moment vujudga keladi. O’zgarmas tok mashinasining aktiv qismlariga magnitli o’zak, stator va rotor (yakor) chulg’amlari hamda kollektor kiradi.