Pak Chi Von
Pak Chi Von (taxallusi Yonam) (1737.5.3 – Seul – 1805.10.12) – koreys yozuvchisi, qomusiy olim. Sirxak (aniq fanlar) oqimining yirik namoyandasi. Tabiiy fanlar, iqtisodiyot, falsafa, tarix, harbiy san’atga oid asarlar muallifi. Tabiiy materialist sifatida geliotsentrik nazariyani qo’llab-quvvatlagan. Yerdan foydalanishdagi tartibni qayta qurish loyihalarini taklif etgan (“Dehqonchilik haqida risola”, 1799); xalqni ma’rifatli qilishga da’vat etgan, lekin Konfutsiychilik tarafdori sifatida mazkur g’oyalarni amalga oshirish ma’rifatli podshohning vazifasi deb hisoblaydi. Pak Chi Vonning adabiy merosi koreys adabiyotidagi realistik yo’nalishning rivojlanishida muqim rol o’ynagan. Ilk hajviy novellalari (“Pangyonyuk ibodatxonasining norasmiy tarixi” to’plami)da davrning ijtimoiy muammolari aks etgan. Ko’p jildli “Jexey kundaligi” (1—26-kitoblar, taxminan, 1783) olimning 1780 yilda Xitoyga qilgan sayohati taassurotlari asosida yozilgan. Unda “yo’lbarsning qaqshatqich zarbasi” hajviy allegoriyasi va “xo Sen haqida qissa” utopik asari o’rin olgan. Tabiat manzaralari tasvirlangan va falsafiy lirikasi Vatanga muxabbat ruhi bilan yo’g’rilgan. Adabiy-tanqidiy maqolalarida adabiyotning ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyati ta’kidlangan.