PARLAMENT FRAKSIYASI
PARLAMENT FRAKSIYASI — parlament yoki uning palatasida bir partiyaga mansub deputatlar birlashmasi. Odatda Parlament fraksiyasi tarkibiga partiyaning yetakchilari va ko’zga ko’ringan arboblari kiradi. Parlament fraksiyasi partiyaviy intizom bilan bog’langan bo’ladi. Partiya fraksiyasiga maxsus organlar boshchilik qiladi. Alohida muhim ovoz berishlardan oldin Parlament fraksiyalari kengashib oladi. Parlament fraksiyalarini tashkil etish va ular faoliyati masalalarini parlament va uning palatalari reglamentlari, shuningdek, konstitutsiyaviy odatlar boshqarib turadi. O’zbekiston Respublikasida 2002-yil 12-dekabrdagi ―O’zbekiston Respublikasining Qonunchilik palatasi to’g’risidagi qonunining 23-moddasiga muvofiq, deputatlar fraksiyasi quyidagi tartibda tuziladi: Qonunchilik palatasi deputatlari siyosiy, professional va boshqa asosda fraksiyalar va deputatlar guruhlari shaklida deputatlar birlashmalarini tuzishi mumkin. Fraksiya siyosiy partiyadan ko’rsatiladigan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilgan deputatlar birlashmasidir. Qonunning 24-moddasiga muvofiq, Qonunchilik palatasining kamida to’qqiz nafar deputati fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish huquqiga ega. Fraksiyalar va deputatlar guruhlari ro’yxatdan o’tishi kerak. Qonunchilik palatasining majlisida fraksiya va deputatlar guruhining rahbari yoki boshqa vakili fraksiya yoki deputatlar guruhi tuzilgani haqida palataga axborot beradi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida to‘rta kraksiya va bitta deputatlik guruhi o‘z faoliyatini olib bormoqda.