PICHOQCHILIK

PICHOQCHILIK, pichoqsozlik -pichoq, ustara, xanjar va boshqa kesgir asboblar yasash kasbi; hunarmandlikning qadimgi turlaridan biri. Ilk paleolit davridan ma’lum. Dastlabki kesgir qurol toshdan yasalgan. Jez davrida mis va jezdan Pichoqchiliklar yasash boshlangan. Temirning kashf etilishi Pichoqchilik san’ati taraqqiyotida katta burilish bo’ldi. Sharq mamlakatlarida, xususan, O’rta Osiyoda Pichoqchilik juda qadimdan rivojlangan. Keyinchalik Yevropa mamlakatlarida rasm bo’lgan. Temir pichoqlar haqidagi ma’lumotlar qadimgi yunon epik shoirlari Gomer va Gesiod asarlarida uchraydi. 14-asrda Germaniya, Angliya, Avstriya, Frantsiyada Pichoqchilikni kasb sifatida taqiqlab, pichoqni oshxonalarda ishlatishgan. O’zbekiston hududida (Afrosiyob, Bolaliktepa, Varaxsha va boshqalarda) olib borilgan arxeologiya qazishmalar natijasida miloddan avvalgi 2-ming yillikka oid pichoq namunasi topilgan. Devorlarga chizilgan rasmlardan pichoqdan xo’jalik va ovchilikdan tashqari harbiy maqsadlarda ham foydalanilganligini bilish mumkin. 6-12-asrlarda pichoq yasash rivojlanib, uni bezash texnologiyalari o’zgargan. 15-17-asrlarda yonga osib yuriladigan pichoq turlari paydo bo’ldi. Buni Navoiy, Bobur asarlarida ishlangan miniatyuralardan ko’rish mumkin. Keyinchalik Pichoqchilikning o’ziga xos maktablari paydo bo’ldi. Farg’ona vodiysi, Samarqand, Toshkent, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida qadimdan 20 ga yaqin Pichoqchilik markazlari bo’lib, ular o’zining ishlash texnologiyasi, shakli, ixchamligi va bezaklari bilan farq qilgan. Bu markazlarga Chust, Shahrixon, Qorasuv, Qo’qon, Xiva, Toshkent va boshqalar. Pichoqchilik maktablari kiradi. Pichoq O’rta Osiyoda erkaklarning eng zarur ish quroli, bezagi tariqasida foydalanilgan. Shuning uchun O’zbekistondagi pichoqsozlar pichoqni san’at darajasiga ko’targanlar. Qadimda hunarmandlar bir-biri bilan birikib bir mahallada yashaganlar va mahalla shu nom bilan atalgan. Masalan, Toshkent shahrida Pichoqchilik mahallasi saqlanib qolgan. O’zbekistonda dastlab hunarmandchilikni rivojlantirish borasida viloyatlarda artellar va hunarmandlar tayyorlaydigan o’quv yurtlari ochildi. Chust shahrida “qizil kuch” arteli (1932), keyin pichoq ishlab chiqarish zavodi qurildi (1970), ishlab chiqarish kombinati tashkil etildi (1978). Ilgari pichoqlarni katta do’konda usta bosqonchi damgir bilan birgalikda yasashgan. Uning dastasi esa suyak, muguz yoki yog’ochdan tayyorlangan. Pichoqchilikda temirchilikdagi kabi o’choq, dam, sandon, bozg’on, egov, bolga va b. ishlatiladi. Pichoqqa ajratilgan temir kesilib, metall bo’lakchasi o’tda qizdiriladi, sandonga qo’yib, bolg’a bilan urib tig’ chiqariladi, suvga tiqib olib keskirligi oshiriladi. Bu jarayonni suv berish deyiladi. Pichoq po’latining qattiqligiga qarab suv beriladi. So’ngra uni Giraga qistirib, katta egov bilan egovlanadi, tig’i charxlanadi, loqa qirrasi bo’ylab ishqalab, tig’yuziga soy (koma) ochiladi. Pichoq qoramtir tusga kirishi uchun zok (suyuq modda) ga botirib olinadi. So’ngra dasta o’rnatiladi. 3da esa maxsus tsexlar bo’lib, har qaysi tsex o’ziga tegishli operasiyani bajarib yig’iladi. 3-Dning charm-galantereya tsexida pichoqlar uchun qin tayyorlanadi. O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan pichoqlar faqat uy-ro’zg’or va xo’jalik buyumigina bo’lib qolmay, balki milliy san’at asari darajasiga ko’tariladi, shu tufayli chet el sayyohlari uchun sovg’a sifatida ham qadrlanadi.