Pigmalion kim?
Ko’hna asotirni qaytadan hikoya qilib bergan mashhur rimlik shoir Ovidiy bu tarix haqida insoniyatga xabar yetkazgandi. Asotir qahramoni, Kipr podshohi Pigmalionning ayollardan ko’ngli qoladi va u yolg’iz yashay boshlaydi. Tanholikni sezilmaydigan qilish maqsadida u san’at bilan — uning oliymaqom martabasiga tamomila mos tushadigan mashg’ulot bilan shug’ullanishga aqd qiladi. Haykaltaroshlik podshohning ko’nglini ovladi. Chamasi, u iste’doddan bebahra emas ekan — o’zining ermagi bobida ancha-muncha narsaga erishadi. Kunlardan bir kun podsho ajoyib haykal-fil suyagidan yasalgan ayol figurasini sayqallab ulguradi. Pigmalion o’z asarini sevib qoladi va uni tiriltirishdek telba xayolning mubtalosiga aylanadi. U haykalni qancha silamasin, uni qancha o’pmasin, haykal qilt etmay turaverdi. Oshiq podshoh erkaklarga xos barcha sinashta usullarni ishga soldi: unga yoqimli so’zlardan shivirladi, zebu ziynatlar in’om etdi. Afsus, haykalda hayot alomatlari ko’rinmasdi. Va shunda Pigmalion so’nggi chorani qo’llashga majbur bo’ldi: sovuqtan go’zalga, rost, bunga undan izn so’rab o’tirmasdan uylanishga ahd bog’laydi. Podshoh ishq-muhabbat ilohasi Afroditaga fil suyagidan yasalgan qizga yomg’irning ikki tomchisidek monand bo’lgan xotin topishda unga yordam berishini so’rab yolvoradi. Bu, albatta, ayyorona nayrang edi. Afrodita Pigmalion o’z xotinini ko’rish ishtiyoqida yonayotganini yaxshi tushundi va unga yordam berdi: haykalga jon ato etdi. Go’zalga jon kirdi, va ertaklar va asotirlarga joiz bo’lganidek, u o’z yaratuvchisiga mehr qo’ydi.