Piza minorasi nega “qulayotir?”
Mabodo, Piza shahridagi minora hatto “qulab tushayotgan” bo’lsa hamki, u baribir ajabtovur mukammal mo’jizaligicha qolaveradi. U sidirg’asiga oq marmardan bunyod etilgan. Devorlari asosida to’rt metr qalinlikda. Minora 8 qavatli bo’lib, uning balandligi 54,5 metrga yetadi, bu o’z navbatida 15 qavatli zamonaviy imoratning balandligiga tengdir. Yuqorisiga devorga qapishtirib terilgan, 300 pillapoyadan iborat bo’lgan zinapoyadan chiqiladi. Darvoqe, mazkur zinapoyadan eng yuqorisiga chiqqan kimsa shahar va dengizning latofatli manzarasini kuzatishga muyassar bo’ladi. Minoraning yuqori qismi vertikal-tik o’qdan 5 metrga qiyshaygan. Boshqacha aytganda, u “qulayotir”. Mabodo siz minora tepasiga chiq-sangiz va toshcha tashlasangiz, u minora poydevoridan 5 metr nariga tushadi. Xo’sh, minora nega “qulayotir?” Bu savolga mufassal javobni hech kim bilmaydi. Albatta, uni bunyod etayotganlarida “qulashi”ni istashmagan. U qaddini tim-tik rostlab turishi mo’ljallangandi. U aslida o’ziga yonma-yon turgan jomening jomminori bo’lmog’i kerak edi. Minora 1174 yildan qurila boshlagan, inshoot ishlari esa 1350 yilda poyoniga yetkazilgan edi. Minora poydevori qumga o’rnashgan. Ehtimol, aynan shu holat uning “qulay boshlashi”ga sabab bo’lgandir. Bu narsa uchta qavat yoki uchta galereya qurib bitkazilgan kezlardayoq boshlangan edi. Loyiha jinday o’zgartiriladi va inshoot “to’g’rilanadi”. Ammo bu ham yordam bermadi. Oxirgi 100 yil ichida minora 0,3 metrga qiyshaygan. Muhandislar minoraga “og’ma” deb to’g’ri nom berilgan deb hisoblaydilar, shundanmi, ular minora bir kunmas-bir kun baribir ag’anab tushishiga ishonadilar.